Shu kunlarda Samarqand viloyati hokimligi va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Xitoyning bir qator provinsiyalarida bo‘lib, o‘zaro tajriba almashmoqda.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Shunqor Xudoyberdiyev, fermer va tadbirkorlar “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida poliz va sabzavot sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada qatnashdi.

Ta’kidlash lozimki, oxirgi uch yil ichida Samarqand viloyatining Xitoy davlati hududlari bilan tovar aylanmasi qariyb uch barobarga yoki 170 foizga oshdi. Jumladan, 2023-yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 703,9 million dollarni tashkil etdi. Xitoy davlatidan Samarqand viloyatiga kiritilgan xorijiy investitsiyalar esa qariyb 4 barobarga yoki 292 foizga oshdi (2023-yil yakuni bilan 393,6 million dollar).

Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 1,2 milliard tonnadan ortiq sabzavot mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lib, uning 898,2 million tonnasi Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Respublikamizda ham yiliga o‘rtacha 8,5 million tonnaga yaqin sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.

Ko‘rgazmada Samarqandda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq taqdimotlar o‘tkazildi.

– Samarqandda xorijiy investorlarga  qo‘shma biznesni rivojlantirish uchun maxsus qulay investitsiya muhiti va infratuzilma yaratilgan, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Shunqor Xudoyberdiyev. – Xususan, biz xitoylik tadbirkorlar bilan logistika, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz. Bugungi kunda viloyatimizning Toyloq, Samarqand, Jomboy, Bulung‘ur va Oqdaryo tumanlari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan. Bu hududlarda 40 dan ortiq sabzavot  turlari ekilmoqda. Endilikda biz inson salomatligi uchun qimmatli xususiyatlarga ega bo‘lgan va jahonda talab yuqori bo‘lgan noan’anaviy sabzavot ekinlari, dorivor o‘simliklari ekishni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratyapmiz. Xususan, hozir sparja, bamiya, mangold, artishok, batat, Bryussel karamini o‘zimizning tuproq-iqlim sharoitida yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqilib, bu mahsulotlar ichki bozor hamda xorijga sotilmoqda.

Xitoyga safar davomida Samarqand viloyati delegatsiyasi Chjeszyan va Szyansu provinsiyalarining bir qator shaharlarida joylashgan sanoat zonalari faoliyati bilan ham tanishadi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri