Respublikamizning sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – fuqarolarda sud va boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga jazolovchi organ emas, balki shaxs huquq va manfaatlarini himoya qiladigan organlar sifatida qarashni shakllantirishdan iborat.

Odil sudlov vazifalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat mazkur organlar tomonidan huquq normalariga to‘liq rioya etilishiga, balki ular tomonidan chiqarilgan hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorlarning bajarilishiga ham bog‘liqdir.

Shu o‘rinda o‘zining haq huquqlaridan xabardor haydovchilar bugungi kunga kelib “Multa Radar CD moving” mobil kompleksi orqali rasmiylashtirilgan jarimalar ustidan shikoyat arizasini yozib, jarimalarni bekor qilinishiga erishishmoqda.

Xabaringiz bor, ushbu vosita orqali qoidabuzarlikni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ko‘rsatilgan “Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozimligi, shuningdek mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmasligi” haqidagi talablar asosida amalga oshirishi lozim.

Ushbu holatlar haqida advokat Kamoliddin Baxavidinov batafsil ma’lumot berib o‘tadi.

M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA