Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, elektron sigaretalardan foydalanadigan o‘smirlar keyinchalik odatdagi sigaretalarni ikki baravar ko‘proq iste’mol qilishni boshlaydilar.

Yurtimizda 2019-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 18-29 yoshdagi erkaklar orasida elektron sigaretalarni chekish darajasi 30-69 yoshdagi erkaklar orasidagidan ikki marta ko‘p bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, elektron sigaretalar voyaga yetmaganlar yonidan barcha topilgan tamaki mahsulotlarining o‘rtacha 8 foizini tashkil etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining tahlillariga ko‘ra, JSSTning yuqorida keltirilgan fakti elektron sigaretalarga o‘rgangan yosh avlodning nikotinga qaramlik kasalligiga duchor bo‘lish xavfi yuqoriligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, o‘smirlik miya rivojlanishida kritik davr bo‘lib, bu paytda nikotin ularning avvalo, miyasiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Natijada xotira va bilim olish qobiliyatining pasayishi, kuchli qaramlik va tahlikali nevrozlarga olib keladi.

Elektron sigaretalar tarkibida nikotin miqdori 0 mg/ml dan 66 mg/mlgacha va undan yuqori bo‘lishi mumkin, bu esa odatiy sigaretadagidan kamida ikki marta ko‘proq. Bundan tashqari, ulardagi suyuqliklarda nikotin miqdori turlicha bo‘lib, tarkibida suv, propilenglikol, glitserin, aromatizatorlar va boshqa birikmalar mavjud. Ushbu moddalar bug‘lanish jarayonida turli birikmalarni hosil qiladi va ularning ba’zilari o‘ta zaharli hisoblanadi. Ayniqsa, aromatizatorlar elektron sigaretalardagi moddalarning zararlilik xususiyatini yanada kuchaytiradi.

Ular insonning immun tizimiga ta’sir qiladi. Eng yomoni, elektron sigaretalarning salomatlikka zarari hali oxirigacha o‘rganilmagan va kun sayin uning zaharli ta’siri haqida yangi ma’lumotlar aniqlanmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, tarkibida zaharli – qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob, nikel, ruh va boshqa moddalar borligi sababli foydalanilgan elektron sigaretalarni umumiy chiqindilarga qo‘shib bo‘lmaydi. Ularning tarkibiy qismida litiy-ionli batareyka (akkumulyator) bo‘lib, qurilma bir marta ishlatilgandan so‘ng batareyka bilan birga tashlab yuboriladi. Ular boshqa maishiy chiqindilarga aralashib ketsa, asta-sekin qoplamasi yemirila boshlaydi, xavfli elementlar tuproqqa, keyin yer usti va yer osti suvlariga tushadi.

Batareykalar chiqindi yoqiladigan zavodga borib qolsa, zaharli birikmalar atmosfera havosini ifloslaydi.

Elektron sigaretalarni tartibga solish bo‘yicha jahon tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, 34 ta davlatda ularni sotish taqiqlangan.

87 davlatda elektron sigaretalar aylanmasi tartibga solinadi, ular sarasiga O‘zbekiston ham kiradi.

Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya kabi Yevropa mamlakatlari ekologiya uchun qo‘shimcha tahdidlar tufayli elektron sigaretalarni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirda regulation.gov.uz saytida yurtimizning «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilash bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Yurtimizda elektron sigaretalarning tarqalishini cheklash har qachongidan ham dolzarb. Shunday ekan, bu borada yuqorida keltirilgan faktlar va xavflarni inobatga olgan holda kelajak uchun mas’uliyatni his qilib, taklif berish maqsadga muvofiqdir.

 

O‘zA