Joriy yilning bahorida Orenburg viloyati, xususan, Orsk shahri o‘z tarixidagi eng yirik va eng halokatli suv toshqinlaridan biriga duch keldi. 5-aprel kuni Ural daryosida kuchli suv toshqini natijasida to‘g‘on vayron bo‘lgan va 6-aprel kuni ertalab Eski shaharda 4500 dan ortiq uy va 4600 ga yaqin xususiy mulkni suv bosishiga olib kelgan.

Orenburg viloyatidagi 6 mingdan ortiq turar-joy binolari suv ostida qolgan, shu jumladan Orskning Eski shahar va Lesotorgovыy tumanlarini butunlay suv bosgan. 153 ta aholi punkti tashqi dunyo bilan aloqasi uzildi. Tabiiy ofat o‘chog‘ida qolgan aholining ba’zilari qutqaruvchilar kelishini kutib, o‘z uylarining tomlarida najot izlashga majbur bo‘lishdi. Jabrlanganlarga yordam berish uchun barcha mavjud resurslar safarbar etilgan. Qutqaruv va evakuatsiya ishlariga Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining kecha-yu kunduz ishlaydigan 700 dan ortiq qutqaruvchilari jalb qilingan. Shuningdek, suv toshqini zonasida qolgan hayvonlarni qutqarish uchun qayiqlar ishlatilgan.

Yirik suv toshqini natijasida Qozog‘istonning bir qancha viloyatlari, jumladan, Aqto‘be, Atirau va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlari zarar ko‘rdi. Daryolardagi suv sathining ko‘tarilishiga Rossiyadan kelayotgan suv sabab bo‘lgan. Xususan, Aqto‘be viloyatida to‘g‘onning buzilishi qayd etildi va bu aholining ommaviy evakuatsiya qilinishiga olib kelgan. Ostona g‘arbidagi Atbasar eng ko‘p jabrlangan shaharlardan biri bo‘lib, to‘g‘on buzilganda 400 dan ortiq uy suv ostida qolgan. Qozog‘iston bo‘ylab jami oltita viloyatdagi 3698 ta xususiy uy suv ostida qolgan, 58 ta aholi punkti tashqi dunyodan ajratilib, transport vositalari, oziq-ovqat va dori-darmonlardan mahrum bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun qutqaruv ishlarini olib borish uchun 17 mingdan ortiq odam va 1900 dona texnika safarbar etilgan. Suv toshqinlari oqibatida 74 942 kishi, jumladan 17 914 nafari bolalar evakuatsiya qilingan. Qozog‘istondagi suv toshqini oqibatlari nafaqat suv bosgan viloyatlar aholisi, balki chorva va hosilidan ayrilgan dehqonlar uchun ham halokatli bo‘ldi. Suv toshqinlari tufayli mamlakatning 10 ta viloyatida: Abay, Aqmola, Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, shuningdek, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitau viloyatlarida mahalliy favqulodda holat e’lon qilingan dedi, mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Orsk va Orenburg viloyatidagi suv toshqinlarining sabablarini mutaxassislar shunday ifodalaydi. 1. Bahorda haroratning keskin oshishi qor qoplamining tez erishiga olib keldi, bu esa Ural daryosidagi suv hajmining oshishiga sabab bo‘ldi. 2. To‘g‘onlarni mustahkamlash bo‘yicha oldingi baholash va chora-tadbirlar daryoning bahorgi toshqin davridagi haqiqiy ehtiyojlari va imkoniyatlariga mos kelmadi. 3. Mavjud himoya inshootlari, jumladan, to‘g‘onlar 2010-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, ular o‘z vaqtida ko‘zdan kechirilmagan va ta’mirlanmagan bo‘lishi mumkin. 4. Aholini mumkin bo‘lgan ofat va xavfsiz zonalarga evakuatsiya qilish to‘g‘risida o‘z vaqtida va yetarli darajada ogohlantirilmagan.

Sh. Toshtemirova, A. Ahmedov, O‘zA