Xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xalq deputatlari kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari aniqlashtirildi.

Mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilga mos bo‘lib, buni amalda ta’minlash bo‘yicha yurtimizda izchil ishlar olib borildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ (umummajburiy) tusdagi, yer munosabatlariga va ko‘chmas mulkni buzib tashlashga oid qarorlari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Adliya organlari tomonidan mahalliy kengashlarning ushbu toifadagi qarorlari “E-qaror” elektron tizimi orqali huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

O‘z navbatida, yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ma’lum darajada norma ijodkorligi jarayoni sifatiga bog‘liq.

O‘tgan yili mahalliy kengashlar tomonidan 34 mingdan ortiq qaror qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 8 ming 405 tani, shundan 270 tadan ortig‘i umummajburiy ahamiyatga molik qarorlarni tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi choragida mahalliy kengashlar tomonidan hududiy adliya organlariga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 400 dan ziyod kiritilgan qarorlar loyihalarining 200 dan ortig‘iga ijobiy huquqiy xulosalar va 50 dan ortig‘iga e’tirozlar bilan huquqiy xulosalar berilgan.

Adliya organlari tomonidan mahalliy kengashlarning qarorlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi, avvalo, qarorlarning qonuniyligini ta’minlashga qaratilgan.

Shunga ko‘ra, mahalliy kengashlarning qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda adliya organlarining tutgan o‘rni va roli masalasida Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirish haqida gap bordi.

Ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, qarorlarni yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda qabul qilish mahalliy kengashlarga berilgan ayrim vakolatlarning amaliyotida to‘g‘ri qo‘llanilishi bo‘yicha yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Adliya vazirligi tomonidan mahalliy kengashlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha, ya’ni qonunchilik hujjatlari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotgani aytib o‘tildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA