Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli ijodkor Ashurali Jo‘rayevning “Odil Yoqubov xazinasidan” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kitobda mashhur adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosh muharrir vazifasida ishlagan davridagi faoliyati, hamkasblari va shogirdlariga bo‘lgan samimiy munosabati, mehribonligi, insoniy va adabiy saboqlari qalamga olingan.
– Odil Yoqubov bilan bir sohada ko‘p yillar ishlaganimdan doim g‘ururlanib yuraman, – deydi Ashurali Jo‘rayev. – Samimiy, ochiqko‘ngil, sodda, to‘pori, kezi kelganda qattiqqo‘l, talabchan bu insondan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Adibning adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan hissasi katta.
Tadbirda kitob haqida fikr-mulohazalar bildirildi. “Tabarruk adib” nomli hujjatli film namoyish qilindi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tinglandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA