Xorij kinofilmlarida turli og‘ir vaziyatga tushgan kishilarning “911” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

Bu AQSH qutqaruv xizmati raqami bo‘lib, unga barcha tezkor xizmatlar ulangan. Yordamga muhtoj odam bu raqamga qo‘ng‘iroq qilganida, unga nafaqat politsiya, balki zarur bo‘lsa, tez tibbiy yordam xizmati ham birga jalb qilinadi.

O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash tizim ishlab chiqildi. Bu Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan yaratilgan “Mening inspektorim” dasturidir.

Ayni paytda test rejimida ishlayotgan dasturni fuqaro shaxsiy ma’lumotlarini kiritish orqali o‘z mobil telefoniga yuklab olishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlarga tushganda, agar yordam kerak bo‘lib qolsa, dasturga kirish orqali yordam olish mumkin.

Dasturga kirishingiz bilan “SOS” yozuviga ko‘zingiz tushadi. Yozuvning ustiga bosishingiz bilan qo‘ng‘irog‘ingizga ichki ishlar organi xodimi javob beradi.

Dasturga kiritilgan “Asosiy” tugmasini bossangiz, yaqin IIB punktlari, IIB yangiliklari, ogohlikka targ‘ib etish, mening arizalarim, favqulodda vaziyat raqamlari, taklif kabi ruknlarga ko‘zingiz tushadi. Ularga kirish orqali kerakli ma’lumotni olish mumkin.

Sinov tariqasida “SOS” tugmasini bosib ko‘rganimizda, bir lahza o‘tmay, qo‘ng‘iroqqa javob berishdi. Xodim darrov “Sizga nima yordam kerak?” deb so‘radi.

Shu kunlarda mahallalar profilaktika inspektorlari xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarga dasturning ahamiyatini tushuntirib, uni mobil telefonga yuklab olishga yordamlashmoqda.

Bu dastur yaxshi ishlab ketsa, kelgusida turli xizmatlarga ajratilgan turli raqamlarga emas, balki yagona tizimga murojaat qilish imkoni yurtimiz bo‘ylab yaratilsa, ajab emas.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA