Markirovkalashning asosiy maqsadi – aholini qalbaki dori vositalaridan himoya qilish, uning tarqalishiga qarshi kurashishdan iborat.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ushbu mexanizmning joriy etilishi dori vositalarini nafaqat ishlab chiqarish, balki ularning importidan to oxirgi iste’molchi qo‘liga yetib borishi hamda muomaladan chiqarilishigacha bo‘lgan hayotiy siklini kuzatish va nazorat qilish imkonini beradi. Tizim orqali, iste’molchi sotib olayotgan dori vositasining qalbaki emasligi, hayoti va salomatligi uchun xavfsizligiga ishonch hosil qilishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq, yurtimizda dori vositalari va tibbiy buyumlarning guruhlarga bo‘linishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Davlat va xususiy sheriklik asosida yaratilgan milliy tizim orqali endilikda dori vositalarini markirovkalash va monitoring qilish hamda kuzatish imkoni yaratilmoqda.

Xo‘sh, ushbu tizim iste’molchilarga nima beradi?

Bunday raqamli belgilarni qo‘llash iste’molchilar uchun dori vositasi haqidagi barcha ma’lumotlarni olish imkonini yaratadi. Endi iste’molchilar dorixonadan biror dori vositasini xarid qilishdan avval, ishlab chiqaruvchi va uni import qilgan kompaniya nomi, ishlab chiqarilgan joy, realizatsiya qilayotgan shaxs, standart raqam kabi ma’lumotlarni dori vositasining qadog‘idagi maxsus kodni skanerlash orqali bilib olishlari mumkin. Bu ma’lumotlar esa davlat axborot tizimida saqlanadi.

Amaldagi tartibga muvofiq, qonunchilikda dori vositalari va tibbiy buyumlarni raqamli markirovkalanmagan holda sertifikatsiyadan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda dori vositalarini markirovkalash  iste’molchilarning qonuniy tovarlarni sotib olishga ishonchni orttirish, insonlar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, jamoat nazorati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.

Biznes uchun daromadlarning o‘sishi va rasmiy biznesning raqobatbardoshligini oshirish, jarayonlarni optimallashtirish va xarajatlarni kamaytirish, ta’minot zanjiri bo‘ylab mahsulotlarning harakatlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga kirishga imkon yaratadi. Davlat esa xufiyona bozorni pasaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, soliq va bojxona to‘lovlarining ko‘payishi, tovar bozorlarini nazorat qilishni ta’minlash uchun byudjetni tejashdan foyda ko‘radi.

Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi hamkorligida «Dori vositalarini markirovkalash va ularni sertifikatlashtirish» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shular haqida so‘z yuritildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA