Bugun Energetika vazirligida senator Stiven Deyns boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar barcha yo‘nalishlar qatori yoqilg‘i-energetika hamda tog‘-kon sanoati va geologiya-qidiruv sohalarida olib borilayotgan izchil hamkorlik natijalariga alohida e’tibor qaratdi.

Jumladan, “Air Products”, “Schlumberger”, “Honeywell UOP” singari kompaniyalar bilan neft-gaz sohasida, “General Electric” kompaniyasi bilan elektr energiyasi tarmog‘ida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.  USAID tashkiloti bilan esa “Markaziy Osiyo energetikasi” va “Kelajak energiyasi” loyihalari bo‘yicha hamkorlikda ishlanmoqda.

Shuningdek, tomonlar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi va  kelgusida bundan samarali foydalanish ikki taraf uchun ham amaliy ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi,  

O‘zA