Dunyo miqyosida sanoatning keng rivojlanayotgani, aholi sonining ortib borayotgani, iqtisodiyotning jadal o‘sish sur’atlari energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj va talabning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan bir qatorda, insoniyat oldida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, ekologiyani saqlash va kelajak avlodga toza muhitni yetkazish kabi muhim masalalar turganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi vakili Yana Kopernich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda BMT Taraqqiyot dasturining Global ekologik fondi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2017-2023-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

Qo‘shma loyihada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ijtimoiy, savdo va ma’muriy binolar bilan bir qatorda, turar-joy sektorida ham energiya samaradorlikni oshirish nazarda tutilgan.

Yig‘ilishda Sherzod Hidoyatov mamlakatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami istiqomat qiluvchi ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini ta’minlash, ularga zamonaviy yondashuvlar asosida qulaylik yaratish lozimligi haqida to‘xtaldi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga jalb etish yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov. – Xususan, qurilish va kommunal sohalarda ham energiya tejovchi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan bir qator loyihalar olib borilmoqda. Yana bir muhim yo‘nalishimiz, mavjud turar-joy binolarida energiya samaradorlikni ta’minlash. Ayniqsa, kontingent va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib dastavval chekka hududlarda renovatsiya-restavratsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadga muvofiq.

O‘z o‘rnida BMT Taraqqiyot dasturining Global ekologik fondi vakili ham ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlashini, bu borada hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida BMT Taraqqiyot dasturining kelgusida amalga oshiradigan loyihalari va ularda vazirlik ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA