Yaqinda AQSHning “The Hill” kundalik gazetasida “O‘zbekiston va Xitoy mintaqaviy ittifoqni mustahkamlamoqda” nomli maqola e’lon qilindi.
Muallif fikricha, AQSH, Rossiya va Yevropa bir vaqtning o‘zida Ukraina, Iroq, Suriya, Isroil – G‘azo, Fors ko‘rfazi va Qizil dengiz, Yamandagi inqirozlarni bostirishga (yoki kuchaytirishga) urinayotgan bir paytda, O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Ma’lumki, joriy yil 23-25 yanvar kunlari, Xitoy raisi Si Szinpinning taklifiga binoan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan ushbu davlatda bo‘lib qaytdi. Tarif doirasida oliy darajadagi muloqotlar, mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ushbu muhim tashrif haqida gazeta shunday yozadi:
– Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 5 barobar oshib, 2023 yil yakuniga ko‘ra 14 milliard dollarni tashkil etdi, tomonlar yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Qo‘shma korxonalar soni esa uch barobarga oshib, ayni payt 2300 tani tashkil etmoqda.
Shuningdek, “BYD” kompaniyasi mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya – “UzAuto Motors” bilan hamkorlikda yiliga 50 ming dona gibrid motorli elektromobil ishlab chiqarishi, keyinchalik tayyor mashinalar sonini yiliga 300 mingga chiqarish mumkinligi ta’kidlangan.
– Toshkent yaqinda O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokiston bilan bog‘laydigan 573 kilometrlik Transafg‘on temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatladi, bu yerda “qo‘llab-quvvatlash” so‘zi “moliyalashtirish” ma’nosini anglatishi mumkin va Toshkent mazkur loyihani Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki kreditlari yordamida amalga oshirmoqchi, – deyiladi maqolada. – E’tiborli tomoni, Xitoy mahalliy infratuzilmani rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan mintaqadagi yagona kuch emas. Sababi, Saudiya Arabistoni ham Markaziy Osiyo davlatlari bilan elektr energiyasi ishlab chiqarish va boshqa sohalarda o‘zaro shartnomalar tuzgan. Yaqin Sharq sarmoyadorlari uchun ochiqlik siyosati orqali O‘zbekiston Rossiya va Xitoy, endi esa Eron va boy arab davlatlari bilan o‘rtadagi muvozanatni mustahkamlayotganini namoyish qilmoqda.
Muallif qayd etishicha, O‘zbekiston o‘z joylashuvidan muvaffaqiyatli mintaqaviy yordamchi va konventor bo‘lish uchun samarali foydalanmoqda. Demak, mamlakat iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan davlatlar safiga qo‘shilish imkoniga ega. Shuningdek, Xitoyning “Eksport-import” banki tez orada Toshkentda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochishi mumkin.
O‘tkir Alimov, O‘zA