“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining maktabga tayyorlov guruhlarini zamonaviy ta’lim planshetlari va sensorli ekranli interaktiv doskalar bilan ta’minlash hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga toza ichimlik suvi yetkazib berish kabi chora-tadbirlar o‘rin olgan.

“Namunaviy maktab” loyihalari asosida 480 ta maktabni rekonstruksiya qilish va yangidan barpo etish orqali 150 ming o‘quvchi o‘rnini yaratish ko‘zda tutilgan. Qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan 257 maktabni to‘liq zamonaviy mebel, uskunalar bilan jihozlash hamda umumta’lim maktablaridagi 2,2 mingta ma’nan eskirgan kompyuter sinfini yangilash kabi masalalar kiritilgan.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.

Senatorlar muhim yo‘nalish – umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalasiga e’tibor qaratdi. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 131 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchilar uchun uslubiyot kitoblarini yaratish, pedagogni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish yoki stajirovkaga yuborish hamda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish hamda oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish yo‘nalishida ham muhim vazifalar rejalashtirilgan.

Dastur loyihasida aholining sog‘lig‘ini saqlash, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ham qamrab olingan. Xususan, 3-18 yoshli 9,8 million bolani onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha ommaviy va selektiv skriningdan o‘tkazish, 900 ming chaqaloqni tug‘ma gipotireoz, fenilketonuriya kasalliklariga neonatal skriningdan o‘tkazish tadbirlari o‘tkaziladi.

Onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash maqsadida 1 million homilador va 1,5 million  emizikli ayolni yod preparati bilan, 5,9 million nafar 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarni temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Majlisda senatorlar, ekspert guruhi a’zolari tomonidan Davlat dasturi loyihasiga taklif va tavsiyalar berildi. Onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uzoq muddatli Milliy strategiyani ishlab chiqish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va maktablarda ovqatlanishni tashkil etishni takomillashtirish masalalari shular jumlasidandir.

Davlat dasturi loyihasi yuzasidan bildirilgan takliflar umumlashtirildi hamda loyihaga kiritish uchun taqdim etildi.

N.Abduraimova, O‘zA