Bugun bojxona organlarida mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, post orqali harakatlanayotgan fuqarolar hamda avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratining tez, samarali amalga oshirilishini ta’minlash, bojxona chegaralari orqali noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning harakatlanishini oldini olish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng ko‘lamda foydalanilmoqda.

Xususan, bojxona chegarasiga kirib kelgan avtotransport vositasi harakatni to‘xtatmasdan tegishli joyga yetib kelgunga qadar postda o‘rnatilgan avtotransport vositasining davlat raqamini aniqlash tizimi, radiatsion portal monitor va elektron tarozilar o‘z vazifalarini avtomatik tarzda qayd qilib oladi. Inspeksion ko‘rik majmuasi esa avtotransport vositasini skanerlab, bojxona nazoratining tez va samarali amalga oshirilishida katta ahamiyatga ega qurilma sanaladi.

Joriy etilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimlari natijasida esa post orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilarga yanada qulay sharoit yaratilib, tirbandliklar yuzaga kelishining oldi olinmoqda. Oldindan taqdim etilgan ma’lumotlarning elektron bazasi orqali “Ye tranzit” dasturida post orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi o‘rtacha 15-20 daqiqada amalga oshirilishiga erishilmoqda. Yo‘lovchi fuqarolar ham hech qanday to‘siqlarsiz qisqa muddatda ko‘zlagan manzili tomon kuzatib qo‘yilmoqda.

Sarhadlarda tun-u kun el-yurt osoyishtaligi, aholi farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan sodiq bojxonachilar tomonidan yashirin iqtisodiyotning oldini olish, kontrabandaga qarshi kurashish borasida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 12,5 milliard so‘mlik noqonuniy tovar moddiy boylik,  0,9 kg giyohvandlik vositasi, 408 dona kuchli ta’sir qiluvchi vosita, 1219 dona psixotrop modda, shuningdek, ov miltig‘i, gilza va kapsyulalar, sifati kafolatlanmagan alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil tariqasida olindi.

2023 yil avgust oyidan boshlab temir yo‘l transportida harakatlanuvchi yuklarni “E-TRANZIT RW” dasturi orqali rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqt 6 soatdan 3 soatga qisqarishiga erishildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bojxona posti temir yo‘l yuk vagonlarini inspeksion ko‘rik majmuasidan o‘tkazish uchun “Rapiscan-R60” rusumli katta hajmli skaner qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, yuklar tekshiruv apparatidan o‘tkaziladi va dastur orqali nazorat o‘rnatiladi. Inspeksion ko‘rik majmuasi orqali tekshirilgandan shubha uyg‘otgan vagonlar 17 tani tashkil etib, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazish natijasida 13 ta holatda tafovut aniqlandi.

Sirasini aytganda, mamlakatimizda inson qadri tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar bojxona postlari faoliyati misolida ham o‘z aksini topmoqda. Bu yerda fuqarolar va yuklarning erkin harakati uchun yaratilgan sharoitlar halqaro iqtisodiy aloqalar va mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining rivoji uchun tayanch bo‘ladi.

 

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri.