Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida Olimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibi Ivan Yarigin xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirning dastlabki sovrindorlari aniqlandi.

Erkin va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro turnirning 23 mamlakatdan 380 nafarga yaqin sportchisi ishtirok etayotgan bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Kecha yakunlangan dastlabki kungi musobaqalarda mamlakatimiz terma jamoasi a’zolaridan G‘ulomjon Abdullayev 65 kilogrammda, Sardor Ro‘zimov 61 kilogrammda xalqaro turnirning bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 27 yanvar kuni o‘tadigan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Tokio Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov 74 kilogrammda, Magomed Ibragimov 97 kilo og‘irlikdagi bahslarda yurtimiz sharafini himoya qiladi.

An’anaviy tarzda ko‘p yillardan beri o‘tkazib kelinayotgan mazkur xalqaro turnirda 40 dan ziyod Olimpiya o‘yinlarining g‘oliblari ishtirok etgan.

Bu galgi musobaqalar 28 yanvarga qadar davom etadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA