Jahonda aholi soni bo‘yicha Hindistondan keyingi o‘rinda turadigan Xitoyning O‘zbekiston bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yildan yilga rivojlanib bormoqda.

Har ikki davlat sport tashkilotlari o‘rtasida imzolangan 2019 yilgi bitim asosida o‘tgan yillar davomida sport ta’limi, tibbiyoti, yengil konstruksiyali sport inshootlarini barpo etish kabi qator yo‘nalishlarda muhim ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan Pekin sport universiteti o‘rtasida imzolangan 2019 yilgi memorandum asosida o‘tgan yillar davomida bir guruh xitoylik jismoniy tarbiya mutaxassislari, talabalar mamlakatimizga kelib, yurtimizdagi sport majmualari, o‘tkazilayotgan musobaqalar, mashg‘ulotlar, sport ta’limining boshqa yo‘nalishlari bilan tanishdi. Fikr almashdi, zarur tavsiya va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashdi.

O‘z navbatida yurtimiz sport ta’limi mutaxassislari, murabbiylari ham Xitoyda bo‘lib, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi ishlarni yaqindan o‘rganib, zarur tajribalarga ega bo‘ldi.

Hamkorlik asosida ommaviy sport, sport fani, tibbiyot, psixologiya, monitoring tizimini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida pedagog, murabbiy va instruktorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish borasida keng qamrovli faoliyat tizimi ishlab chiqildi.

Koronavirus pandemiyasidan keyingi davrlarda Xitoy – O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik omillari o‘sishining o‘ziga xos dinamikasi ko‘zga tashlandi. Bu ayniqsa, o‘tgan 2023 yilgi xalqaro sport musobaqalarida, yirik kompleks o‘yinlarga mo‘ljallangan inshootlarni barpo etish yo‘nalishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi.

O‘tgan yili Xitoyning Chendu shahrida tashkil etilgan yozgi Butunjahon Universiada o‘yinlarida, Xanchjou shahrida o‘tgan yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilarining yuksak natijalarga erishgani, sport mutaxassislarining hamkorlikda boks, og‘ir atletika, taekvondo, kurash kabi sport turlarida qo‘shma mashg‘ulotlar, seminarlar, treninglarda qatnashgani yangi g‘alabalarni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Aytish lozim, bugungi kunda yengil konstruksiya asosida zamonaviy sport majmualari barpo etish, xalqaro sport musobaqalarni ilg‘or texnologiyalar yordamida tashkil etishda Xitoy tajribasi dunyo sport industriyasining lokomotivi hisoblanadi.

O‘zbekiston keyingi yillarda xalqaro olimpiya harakatining muhim markazlaridan biri bo‘lish maqsadida dadil qadam tashlamoqda.

Davlatimiz rahbari bundan ikki yil muqaddam poytaxtimizda bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi”ning tamal toshini qo‘yish marosimida bizning o‘z yo‘limiz, niyatlarimiz, rejalarimiz borligini, bugun qilayotgan tarixiy ishlarimiz yaqin kelajakda o‘zining katta natijasini berishini bildirib, “Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edilar.

O‘tgan yillar davomida Toshkent-2025 Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladigan Olimpiya shaharchasida barpo etilayotgan inshootlarni yanada obodonlashtirish, qurilish ishlarini jadallashtirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildiki, ushbu sa’y-harakatlarning ijrosini ta’minlashda Xitoy kompaniyalarining jonbozlik ko‘rsatayotgani ham fikrimizning dalilidir.

Har qanday mamlakatning jahon sportidagi nufuzi o‘tkazilayotgan sport anjumanlari, kompleks musobaqalar, sportchilarining xalqaro musobaqalardagi natijalari bilan belgilanadiki, bunga dunyo hamjamiyati, xususan Xitoy kabi yetakchi mamlakatlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish orqali erishiladi.

Shu ma’noda yuz gektar maydonda bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasi Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlashga, yurtimiz “sport tabiati” Osiyo Olimpiya “ob-havosi”ni belgilaydigan maskanlardan biriga aylanishiga olib kelishi bilan qadrlidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA