O‘tgan yakshanba kuni kuzatilgan salqin ob havo va unda ko‘tarilgan chang-to‘zon mahalliy aholini havotirga soldi. Avval yuz bermagan bu kabi tabiatning sirli hodisasi haqida bilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Gidrometeorologiya boshqarmasiga murojaat qildik.

Boshqarma xodimlarining ma’lum qilishicha, shanba kuni Qoraqalpog‘iston hududida havo ochiq bo‘lib, shamol tezligi shtil holatida kuzatilgan. Havoning harorati kunduzi 37-39 darajagacha ko‘tarilishi natijasida tuproqning yuqori qatlamidagi qoplangan namliklar bug‘lanib, 1-10 santimetr qalinlikda qurg‘oqchilik paydo bo‘lgan. 27 may kuni esa shimoliy-g‘arbiy tomondan kelgan sovuq havo oqimi ta’siri bilan shamolning tezligi 10-15 metr sekunddan 22-27 metr sekundgacha yetgan. Bu shamol kuchi ta’sirida paydo bo‘lgan qurg‘oq tuproqning ko‘tarilishiga olib kelgan. Nukus shahridagi kuzatish maydonida havodagi changning miqdori 0,50 PDKni tashkil qilib, bu me’yordan 3 karra ko‘p ekanligini ko‘rsatdi. Bu kabi holat Qoraqalpog‘istondan tashqari, Xorazm viloyatida ham kuzatilgan.

Qoraqalpog‘iston Gidrometeorologiya boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 29-30 may kunlari kechasi havoning harorati 8-13, kunduzi 23-28 daraja, 31may – 6 iyun kunlari oralig‘ida kechasi 13-18, kunduzi 30-35 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Iyun oyida havoning o‘rtacha temperaturasi me’yorda bo‘lib, birinchi va uchinchi o‘n ko‘nlikda qisqa muddatli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘istondagi tuzli bo‘ron qishloq xo‘jaligi sohasiga qanday ta’sir qilishi mumkin. Hozircha buni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi mutaxassislari o‘rganmoqda. O‘rganish natijalari haqida ham batafsil ma’lumot beramiz. Saytimiz kuzatib boring.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA