Isroil bosh vaziri Netanyaxu Quddusdagi “Hadassa” shifoxonasiga tashrifi chog‘ida yaralangan isroillik askarlar u bilan uchrashishdan bosh tortdi, deb xabar berdi Isroilning 13-telekanaliga tayanib “Anadolu” agentligi.
Netanyaxu G‘azo sektoridagi operatsiya chog‘ida yaralangan askarlar bilan uchrashish uchun G‘arbiy Quddusdagi “Hadassa” kasalxonasining reabilitatsiya bo‘limiga tashrif buyurgan. Kasalxonaning reabilitatsiya bo‘limida 18 nafar isroillik askar davolanayotgani aytiladi, ulardan 15 nafari bosh vazir bilan uchrashishdan bosh tortgan.
“Men kasalxonadaman. Mas’ul ayollardan biri kelib, bugun kechqurun bosh vazir Netanyaxu tashrif buyurmoqda va uning xonangizga kelishini xohlaysizmi, deb so‘radi. Albatta, men yo‘q dedim. Netanyaxu boshchiligidagi Likud partiyasining davri tugadi”, – deb yozadi yarador askarlardan biri o‘z ijtimoiy tarmog‘ida.
Boshqa tomondan, “Hadassa” kasalxonasining bayonotida harbiylarning Netanyaxu bilan uchrashishdan bosh tortgani haqida hech narsa deyilmagan. Unda bosh vazirning kechqurun kasalxonaga tashrif buyurgani va yarador askarlar bilan uchrashgani va Isroil davlatining to‘liq g‘alabaga erishishi uchun birdam va qat’iy ekanligi ta’kidlangan, xolos.