Odamlarga quvonch hadya etgan, ayrimlar uchun nihoyatda qadrli bo‘lib qolgan pochta varaqalarida aks etgan suratlar muallifi Vladimir Zarubin ekanligini ko‘pchilik bilmasa kerak. O‘z davrida u chizgan suratlar 1,5 milliarddan ortiq nusxada konvert shaklida nashr etiladi, ammo rassom deyarli qashshoqlikda vafot etadi.
Vladimir 1925 yilda Rossiyaning Orlov viloyatidagi kichik bir qishloqda Zarubinlar oilasida uchinchi o‘g‘il bo‘lib dunyoga keladi. Bola juda iqtidorli bo‘lib o‘sadi va ota-onasi uni rasm chizishga bo‘lgan ishtiyoqini sezib, to‘garakka beradilar.
Bir kuni otasi unga o‘zining yig‘ib yurgan rasmlar to‘plamini ko‘rsatadi. O‘sha paytlarda qarindoshlardan pochta orqali chiroyli rasm sovg‘asi olish haqiqiy quvonch bo‘lgan.
Afsuski, ikkinchi jahon urushi kezlari taqdir charxpalagi bilan Zarubinlar oilasi dunyo bo‘ylab tarqalib ketadi. Katta o‘g‘illar frontga, kichigi esa asirga olinib, qishloqdoshlari bilan birga Germaniyaga yuboriladi.
Vladimir g‘alabadan so‘ng uyiga qaytadi, ammo tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida ko‘p qolmaydi. Keyinchalik u Moskvadagi animator kurslariga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ladi va ancha yil iste’dodli rassom siaftida «Soyuzmultfilm» studiyasida ishlaydi.
Rassom ijodi davomida “Maugli”, “Bir daqiqa kutib turing”, “Bremen musiqachilari izidan” kabi mashhur suratlarini chizadi.
V.Zarubin 1962 yildan boshlab pochta varaqalari uchun rasmlar chizishni boshlaydi. Yillar davomida u chizgan suratlar kishilar hayotining ajralmas qismiga aylanib qoladi. Rassomning ismini kam odam bilar edi, lekin hamma uning kichkina ijod asarlariga mahliyo edi.
Uning fe’l-atvori o‘z asarlarida ko‘rinib turardi: samimiy, ochiq, juda mehribon. Hayotda ham V.Zarubin aynan shunday odam edi.
Ammo rassomning hayoti doim bir tekis ketmaydi. Mamlakatda iqtisodiy tanazzul sabab tirikchilik uchun u kichik nashriyotlar atrofida yugurishga majbur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda o‘z ishi uchun pul olishga harakat qiladi, ammo doim omadsizlikka uchraydi. Biroq Vladimir ishlashni to‘xtatmaydi.
Yetmish yoshga yetganda u yurak xuruji tufayli olamdan o‘tadi. Rassom tomonidan chizilgan suratlar bugungi kunda ham qadrli. Ba’zilari noyob va juda qimmat hisoblanadi.
Internet materiallari asosida O‘.Alimov tayyorladi, O‘zA