Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar Yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash hamda ijtimoiy soha ob’ektlari qurilish ishlari bilan tanishdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab tumandagi “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida quruvchilar huzurida bo‘ldi. Mazkur massiv uchun “Aqtuba” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 10,8 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bu yerda 600 xonadonli 20 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qad rostlamoqda. Joriy yilda 60 ta xonadonli uy-joy hamda ijtimoiy soha ob’ektlari qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Turarjoy massivini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash maqsadida bugungi kunda quvvati 400 kVA bo‘lgan yangi zamonaviy transformator punkti o‘rnatildi. Shuningdek 16 dona temir-beton elektr ustuni o‘rnatish, 10 kV bo‘lgan 620 metr elektr tarmog‘i va 0,4 kV bo‘lgan 60 metr SIP kabel tortish ishlari bajarildi.
Massivda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, maktabgacha ta’lim va o‘rta ta’lim berish, tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 iyuldagi farmoyishi asosida 320 o‘rinli umumta’lim maktabi, 180 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti, 50 o‘rinli oilaviy shifokorlik punkti binolarini qurish ishlari olib borildi.
Ishtirokchilar yangi ob’ektlarda aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar Davlat xizmatlari markazining zamonaviy binosida bo‘lib, fuqarolar va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yaxshilash borasidagi ishlarni ham ko‘zdan kechirdi. Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida zamonaviy me’moriy uslubda barpo etilgan yangi binoda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Yangi markazda elektron tizim, axborot, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy hudud, bolalar maydonchasi barpo etilgan. Davlat xizmatlari markazi tumanning 74 ming nafardan ziyod aholisiga 300 tadan ziyod davlat xizmatini ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Foydalanishga topshirilayotgan yangi zamonaviy binolar aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bilan birga, tumanning ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari