Har yili Yangi yil bayrami oldidan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolajonlar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun “Prezident archasi” tadbiri o‘tkazib kelinadi.

Bu yilgi Prezident sovg‘alarining tayyorlanish jarayonlari bilan jurnalistlarni yaqindan tanishtirish maqsadida “Crafers” korxonasiga press-tur tashkil etildi. Unda OAV vakillari nafaqat sovg‘alarni qadoqlash, balki shirinliklar ishlab chiqarish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Korxonaning 500 nafardan ortiq ishchi xodimlari yoshlarga quvonch ulashish maqsadida tunu kun mehnat qilmoqdalar.

– Mahsulotlar yuz foiz o‘z korxonamizda tayyorlanadi, bolajonlar uchun bezarar hisoblanadi – deydi korxona smena rahbari Alisher Shokirov.

Aytish kerakki, 2023 yilgi “Prezident archasi” ishtirokchilari: mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, “SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari, bolalar uylari va “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uylari tarbiyalanuvchilari, mahallalarda istiqomat qilayotgan yetim va ota-ona qaromog‘idan mahrum bo‘lgan bolajonlar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan oilalarning 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalari hamda “Mehrli maktab” o‘quvchilari uchun umumiy hisobda 11 000 dona “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi.

Uning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolajonlarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 17 turdagi shirinliklar, 2 nomdagi kanselyariya mahsulotlari, smart soat, dars uchun magnit taxtasi va boshqa sovg‘alar kiritilgan.Shuningdek, 12 yoshdan katta 1600 nafar tarbiyalanuvchilar sovg‘alari tarkibida planshetlar ham mavjud. Sovg‘alar  mamlakatimizning 10 ta hududiga, xususan, uzoq manzildagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlariga samolyotlar orqali, yaqin hududlariga esa avtotransport vositalari orqali yetkaziladi.

– “Prezident archasi” tadbirlarida ushbu sovg‘alar hokimlar va mas’ullar tomonidan bolajonlarimizning har biriga beriladi, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ro‘zibek To‘rayev. – Eng ahamiyatli jihati sovg‘alarimiz tarkibida Prezidentimizning bolajonlarga  bayram tabriklari ham shu sovg‘alar orqali yetib boradi.

“Prezident sovg‘asi” hududiy hokimliklar ishtirokida  joriy yilning 29-30 dekabr kunlari bayram tadbirlarida tantanali topshiriladi.

Sanjar Toshpo‘latov, 
Doniyor Yakubov, 
O‘zA