Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 2023 yil sarhisobi hamda yangi yil bayramiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda filial direktori Adilbay Yesimbetov yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan samimiy qutlab, yil davomida erishilgan yutuqlarni e’tirof etdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil filial uchun juda barakali va muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘ldi. Ilmiy yo‘nalishda, sport sohasida, ma’naviy tadbirlarda va tanlovlarda munosib o‘rinlar qo‘lga kiritildi. Shu yil ilk marta filialda tahsil olayotgan talaba-yoshlar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibasining chiqishi barchaga katta quvonch bag‘ishladi. Yil davomida erishilgan ijobiy natijalar qoniqarli, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar esa, albatta, bartaraf qilinadi.

Tadbirda turli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar taqdirlandi. Ular tomonidan qiziqarli viktorina o‘yinlari tashkil etildi.

Yangi yil tadbiri davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan “Lektoriy konsert” dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, 
O‘zA muxbiri