Bugungi kunda mobil telefonlarga odamlar shunchalik tobe bo‘lib qolmoqdaki, oqibatda undan noto‘g‘ri foydalanish turli jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tuman sudi tomonidan keng jamoatchilik va yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq sayyor sud majlisida aynan telefondagi mobil ilova orqali o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
2004 yilda Ellikqal’a tumanida tug‘ilgan sudlanuvchi A.D. 2022 yil dekabr oyida Taxiatosh tumanidan yangi sim kartani sotib olib, ushbu karta orqali jabrlanuvchi B.G.ning plastik kartasi “Slick” mobil ilovasiga ulanib turganidan xabar topib, o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda talon-taroj qilish maqsadida 2023 yil yanvar oyidan iyul oyiga qadar uning plastik kartasidan jami 2 million 214 ming so‘m pullarni yashirin ravishda talon-taroj qilib, jabrlanuvchi G.B.ga moddiy zarar yetkazgan. Shunday qilib, sudlanuvchi D.A. o‘zining yuqoridagi xatti-harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan.
Sud majlisida sudlanuvchi A.D. o‘ziga e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini bildirib, 2022 yil dekabr oyida Taxiatosh tumani dehqon bozoridagi paynetdan sim karta sotib olib, 2023 yil yanvar oyida telefoniga “Slick” mobil ilovasini yuklab olganidan keyin hisob raqamni tekshirib ko‘rganida, ichida 475 ming so‘m borligini, plastik kartaning oxirgi raqami 5322 ekanligini bilib, uyidagi gaz schyotchikning puli tugagani haqida sms kelganligi tufayli opasining plastik kartasiga “Slick” orqali 150 ming so‘m, uyidagi “wi-fi” to‘lovi uchun ham 100 ming so‘m, qolgan pulni tanishlariga “Slick” dasturi orqali o‘tkazib berganligini, lekin kimdir pulini so‘rab telefon qilsa, pullarini qaytarib beraman, deb o‘ylaydi.Ammo yetti oy davomida hech kimga bildirmasdan, hisobdagi pullarni yechib olib, foydalangan. Oqibatda esa, uni bu qilmishi sudning qora kursisiga olib keldi.
Sayyor sud majlisida sudya sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini, davlat ayblovchisining fikrini, himoyachi advokatning muzokara so‘zini, sudlanuvchining muzokara va oxirgi so‘zlarini tinglab, ish materiallari bilan birga solishtirib, dalillarni tekshirib chiqib, hukm qildi. Sud hukmi bilan sudlanuvchi A.D. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga ushbu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 1 (bir) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilanib, shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan qamoqqa olindi.
Yoshgina yigit endi umrining bir yilini qamoqda o‘tkazadi. Agar vaqtida o‘zi qilgan qilmishini anglab yetib, o‘ziga ham, birovga ham jabr qilmaganda edi, bugun o‘z tengdoshlari oldida yuzi shuvut bo‘lib, ko‘zlari yer chizmas edi.
Sud majlisi tugagach, unda ishtirok etgan yoshlarga sudya tomonidan o‘g‘irlik jinoyati, uning oqibatlari to‘g‘risida tushunchalar berildi. Yoshlarni ogoh bo‘lishga, vaqtini behuda sarflamasdan, foydali ishlarga, ilm olishga, kitob o‘qishga chorladi. Chunki barcha qilmish va jinoyatlar aynan loqaydlik, ishsizlik oqibatida sodir bo‘lishi bugungi jinoyat ishida yaqqol namoyon bo‘lganligini ta’kidladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.