Yaponiyaning avtomobil ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Daihatsu” kompaniyasi davlat sertifikatini olishda test hujjatlarini qalbakilashtirgani uchun barcha zavodida faoliyatni to‘xtatishga majbur bo‘ldi, deb xabar tarqatdi “NHK” telekanali.
Kompaniyaning Yaponiyada to‘rtta zavodi bor. Dushanba kunidan boshlab ular faoliyatini to‘xtatadi. Ushbu qaror 64 ta model bo‘yicha hisobga olinmagan 174 ta kamchilik aniqlangani bilan bog‘liq, shu bois kompaniya barcha modellari savdosini to‘xtatishga qaror qildi, deyiladi xabarda.
O‘tgan yili “Daihatsu” 920 mingta avtomobil ishlab chiqargan edi. Shuningdek, kompaniya 400 ta buyurtmachi kompaniyalarga ham tovon puli to‘lash masalasini ko‘rib chiqmoqda.