Nukusda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi tomonidan partiya tashkil etilganining 5 yilligi munosabati bilan “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, partiyaning shahar va tuman kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkiloti raislari, “Ayollar qanoti”, “Yoshlar qanoti” yetakchilari, partiya faollari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati L.Seytova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi raisi A.Begimova va boshqalar so‘zga chiqib, partiya tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘tgan yillar mobaynida qilingan ishlar, amalga oshirilgan loyihalar, deputatlar faoliyati yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi 2019 yil 8 yanvarda siyosiy maydonga chiqib, barcha darajada bo‘lib o‘tgan davlat hokimiyati organlari saylovlarida o‘z nomzodlari bilan ishtirok etib kelmoqda. O‘tgan qisqa davr mobaynida eng yosh partiya bo‘lishiga qaramasdan, partiya tashkiliy jihatdan va siyosiy tomondan ancha jipslashdi, siyosiy maydonda obro‘ va e’tiborga ega bo‘ldi.

–O‘tgan qisqa vaqt mobaynida partiya mamlakatimizning siyosiy maydonida o‘z o‘rni va mavqega ega bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi raisi Aruxan Ismaylova. – Bugungi kunda jahon hamjamiyatini qiynab kelayotgan dolzarb muammo –ekologiya va atrof muhitni asrash, ichimlik suvi va iqlim o‘zgarishi masalalari partiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh faollarga, deputatlarga, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri