Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yoshlar forumi” doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Direktor va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Tadbirda filial direktori Adilbay Yesimbetov yoshlarga oid masalalar har doim diqqat markazida ekanligi, ularga zamon talabi asosida sifatli ta’lim va kerakli sharoitlarni yaratib berishga alohida e’tibor qaratilib, bu ijobiy natija berayotganligini alohida e’tirof etdi.

Bugungi kunda yoshlarning barkamol avlod bo‘lib kamolga yetishi,  ularning beg‘ubor orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish va sifatli ta’lim olishi kabi masalalarga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, zarur shart-sharoitlar yaratib kelinmoqda.

– Bugungi suhbatda men direktor emas, oddiy tinglovchi bo‘laman, sizni qiynayotgan har qanday muammo mening ham muammom, sizning tashvishingiz meni ikki baravar o‘ylantiradi, sizning kayfiyatingiz yaxshi bo‘lsa, mening ko‘nglim xotirjam. Sizlar bor e’tiboringizni faqat ta’lim olishga yo‘naltiring, kuchingizni esa bilim olishga sarflang, ana shunda ijobiy natijalarga erishasiz, – dedi A.Yesimbetov.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining  yoshlar siyosati bo‘yicha  maslahatchisi, ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Alisher Safarov so‘zga chiqib, yaqindagina Prezident hamda nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblari bo‘lgan 4 nafar talabani alohida e’tirof etib, samimiy qutladi va ularga faxriy yorliqlar topshirdi.

“Direktor va yoshlar” uchrashuvi davomida filial talabalarining fikr va mulohazalari tinglandi, muammo va takliflar o‘rganildi. Ular tomonidan xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarida akademik almashinuvi doirasida o‘qishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi va bu uchun filialda mavjud bo‘lgan imkoniyatlar keng tushuntirib o‘tildi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri