Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Nukus shahrining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini orttirish, fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va huquqbuzarlikning oldini olish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda faollik ko‘rsatib kelayotgan mahalla beshligini mukofotlash maqsadida “Hurmat-2023” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahallalarning infratuzilmasini rivojlantirish, aholining farovon hayotini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Darhaqiqat, mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, fuqarolarimiz hayotdan rozi bo‘lib, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan munosib hayot kechirishini ta’minlashda jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini hisoblangan mahalla ins¬titutitining o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha Nukus shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida qurilish va obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Nukus shahriga biriktirilgan Toshkent shahri mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 38 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosini yangidan qurish, rekonstruksiyalash va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun 31 milliard 312 million so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunga 3 ta mahalla fuqarolar yig‘inining binosi foydalanishga topshirildi. Ularda faoliyat olib boradigan mahalla beshligiga barcha sharoit yaratib berildi. Yil boshidan buyon 11 ta ijtimoiy ob’ekt, 22 bolalar va sport maydonchasi qurib bitkazildi. Shuningdek 13 ta mahalla aholisining “Ochiq byudjet” axborot portali orqali g‘olib bo‘lgan loyihalari asosida barpo etilgan ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan Nukus shahridagi 71 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har biriga 500 million so‘mdan, jami 35 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada shahar hududidagi muammolarni o‘rganish bo‘yicha tegishli tartibda Ishchi guruhlar tashkil etilib, ko‘cha boshilari va faollarning fikr-takliflari asosida 450 ta ob’ektning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu ishlarning amalga oshirilishi orqali muammolar o‘z yechimini topib, aholi hayotining yanada yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida mutlaqo yangi tizim – har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga mas’ul “hokim yordamchisi”, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini hal qilishga mas’ul “yoshlar yetakchisi” va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga mas’ul “xotin-qizlar faoli” institutlari joriy etildi. O‘tgan yili xonadonlarning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari (drayveri)” aniqlab olindi. “Mahallabay” ishlash tizimi orqali ishsiz 12 ming 317 fuqarodan 8 ming 29 nafarining ajratilgan kredit hamda subsidiya asosida bandligi ta’minlangan bo‘lsa, joriy yilda 15 ming 171 nafar ishsiz fuqarodan 13 ming 456 nafarining bandligini ta’minlash uchun 110 milliard 884 million so‘m imtiyozli bank krediti ajratildi.
Tadbirda “Eng namunali mahalla fuqarolar yig‘ini”, “Eng namunali mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng namunali hokim yordamchisi”, “Eng namunali mahalla xotin-qizlar faoli”, “Eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi”, “Eng namunali profilaktika inspektori”, “Eng namunali deputat”, “Fidoyi tadbirkor”, “Eng osoyishta mahalla” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
–Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga alohida e’tibori natijasida so‘nggi yillarda mahallalarda katta ishlar amalga oshirildi, – deydi “Eng namunali mahalla fuqarolar yig‘ini” nominatsiyasi g‘olibi, “Nauqan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zamira Aytbayeva. – Ushbu e’tirof mahalla beshligiga yanada mas’uliyat yuklaydi va ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
Ishtirokchilarga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari