Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda kelib tushayotgan murojaatlarning joyida ko‘rib chiqilishi aholining adliya organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.

– Mana shunday murojaatlarning birida tuman tibbiyot birlashmasi Qumbosgan oilaviy poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori D.E.ning ish haqiga qo‘shimcha ustama puli to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Alisher Qadirov. – Natijada O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023 yil 16 yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida”gi nizomning 13-14 bandiga asosan, yangi ish boshlagan tibbiy oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga ular ishga qabul qilingan kundan boshlab oylik ish haqi to‘lovlariga maxsus oylik ustamalar qo‘shimcha tarzda to‘lanishi belgilangan.

Nizomda belgilangan ustama pullari, ya’ni o‘rganish kuniga qadar jami 12 million so‘m miqdoridagi ustama puli murojaat egasiga asossiz to‘lab berilmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu ustama pullarini undirish maqsadida Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga  taqdimnoma kiritildi va murojaat egasining foydasiga ish haqiga qo‘shimcha ustama puli to‘lab berilishi ta’minlandi.

 

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri