Yaponiyaning “JAXA” aerokosmik agentligiga xakerlar hujum qilishi natijasida jinoyatchilar yangi ishlanmalarga tegishli ma’lumotlarni o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin, deb yozdi kun chiqar yurtda chiqadigan “Yomiuri” gazetasi.
Xabarda keltirilishicha, xakerlar kosmik ishlanmalarga aloqador ma’lumotlar saqlanadigan ichki serverga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, JAXA mutaxassislari hukumat va huquq-tartibot idoralari bilan yaqin hamkorlikda vaziyatni o‘rganyapti.
E’tiborli jihati shundaki, maxsus serverga ruxsatsiz kirilganini agentlikning o‘zi emas, balki Yaponiya politsiyasi qayd etdi va muassasaga ma’lum qildi.
Darvoqe, ilk hujum yozda amalga oshirilgan, biroq agentlik holatni payqamagan. Ayni payt vaziyat tahlil qilinib, himoya tizimidagi kamchilikni zudlik bilan bartaraf qilishga kirishilgan.
JAXA 2016-2017 yillarda ham Yaponiyaning ko‘plab mudofaa sohasida faoliyat ko‘rsatadigan kompaniyalari qatori yalpi kiberhujumga duch kelgan edi. O‘shanda mamlakat xavfsizlik idoralari jinoyatchilar XXR hududida harakatlanganini aniqlagan, deyiladi xabarda.