Nukus shahrida “Ijtimoiy o‘zgarishlar davrida ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va Kanadaning “Search for Common Ground” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ikki kunlik tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda jurnalistika sohasida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik masalasi rivojlangan va rivojlanib borayotgan mamlakatlarning tinchligi hamda taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Tadbirda bag‘rikenglik tushunchasi, mamlakatimizdagi turli dinlar ildizlari, tarixi va bugungi kundagi rivojlanishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Dinlararo munosabatlarning mohiyati hamda vazifalari, gender jihatlari, bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlar, ularni bartaraf etish choralari to‘g‘risida tushunchalar berildi. Ishtirokchilarga bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik mavzusida roliklar namoyish etilib, dinlararo nizolarni ommaviy axborot vositalarida yoritishning axloqiy jihatlari muhokama etildi.
– Seminar-treningning asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalari va blogerlarning bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik yo‘nalishida kasbiy malakasi va ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Yoqutxon Mamatova. – Yurtimizda milliy madaniyati, tili, urf-odati, o‘z turmush tarziga ega bo‘lgan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millatlar yashab kelayotganini hisobga olsak, bu dolzarb mavzu hisoblanadi. Tadbirda jurnalist, bloger va talabalar faol ishtirok etganligini alohida qayd etish zarur. Ikki kunlik seminar-trening mahalliy jurnalistlarga bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik mavzusini yoritishda amaliy yordam beradi degan umiddamiz.
Seminar qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari