Nukusda “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilayotgan e’tiborni ta’kidladi.

Yurtimizda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish maqsadida o‘tgan yili qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 60 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanib, tijorat banklari, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 26 ming 139 nafar xotin-qizga jami 435 milliard so‘mlik kredit ajratilib, 9 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 5 ming 583 nafar xotin-qizga 22 milliard 656 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi.

Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda. Joriy yilda “Yil ayoli” milliy tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 48 nafar xotin-qiz ishtirok etgan bo‘lsa. “Gender tenglik faoli” milliy tanlovida ishtirokchilar 6 ta asosiy va 4 ta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha aniqlandi.

–Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Shumanay tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi direktori, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasi sohibasi Zamira Allaniyazova. –O‘quvchilarga ikkita xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatishga doir loyihamizga “Ochiq byudjet” axborot portalida ovoz berish natijasi bo‘yicha 1 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, qarovsiz qolgan ustaxonada ta’mirlash ishlari olib borildi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Tadbir yakunida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan  taqdirlandi va ular milliy tanlovlarning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari