Yaponiyada “O‘zbekiston haftaligi” davom etadi

Avval xabar qilganimizdek, Yaponiyada “O‘zbekiston haftaligi” kunlari davom etmoqda. Haftalik doirasida tashkil etilayotgan turli tadbirlar, o‘zbek san’at ustalarining badiiy chiqishlari, mamlakatimiz tarixi, xalqimiz urf-odat va an’analari haqida so‘zlovchi amaliy san’at va milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashrif buyuruvchilarga birdek manzur bo‘lmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

photo_2018-05-18_10-15-14.jpg

Yaponiyada davom etayotgan “O‘zbekiston haftaligi” kunlari bir-biridan qiziqarli tafsilotlarga boy o‘tmoqda. Xususan, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilovaning Tokio shahrida Yaponiya “Min-On” konsert assotsiatsiyasi prezidenti K.Ito bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yaponiyaning ushbu uyushmasi turli mamlakatlar bilan madaniyat, musiqa sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi.

“Min-On” konsert assotsiatsiyasi prezidenti K.Ito O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova hamrohligida O‘zbekiston amaliy san’ati va milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz tarixi, rangba-rang madaniyati, zaminimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar va buyuk mutafakkirlar haqida so‘zlab berildi.

K.Ito O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida qaror topgan do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari madaniy-gumanitar sohada ham faol rivojlanayotganini ta’kidladi. Yaponiyada tashkil etiladigan turli tadbirlarda O‘zbekiston san’at ustalari, Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida esa yaponiyalik vakillarning ishtirok etishi o‘ziga xos an’ana tusini olganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, haftalik doirasida vakillarimizning Yaponiya parlamenti deputatlari, madaniyat va san’at namoyandalari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Muzeylar ishini tashkil etishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish, muzeyga keluvchilar uchun qulayliklar yaratish sohasida hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradigan kelishuvlarga erishildi.

photo_2018-05-16_15-46-07.jpg
photo_2018-05-18_10-14-56.jpg
photo_2018-05-18_10-15-11.jpg

 

O‘zA