FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi 17-umumta’lim maktabida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Nukus shahar Kengashi tomonidan “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimini, aqliy tafakkuri va madaniyatini rivojlantirish, Konstitutsiya va amaldagi qonun hujjatlariga oid bilimini aniqlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadiga qaratilgan.
Tanlovda kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar hamda oliy ta’lim dargohlari tasarrufidagi akademik litseylarning 2-bosqich o‘quvchilari ishtirok etib, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyalari, amaldagi davlat qonunlari va “Adolat” SDP ustavi, saylovoldi dasturlari bo‘yicha o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Nukus shahar 1-kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Moldir Mirzabekova birinchi, Nukus davlat pedagogika instituti tasarrufidagi akademik litsey o‘quvchisi Dilbar Murodova ikkinchi, Qoraqalpog‘iston huquqshunoslik texnikumi o‘quvchisi Arjumanbonu Boltaboyeva uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA