O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘rmon fondi resurslaridan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, o‘rmon fondi yerlari maydonini, shundan o‘rmon bilan qoplangan yerlarni oshirish, urug‘ tayyorlash, asalari oilalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, dorivor o‘simliklar yetishtirish hajmini ko‘paytirish, o‘rmon xo‘jaliklarida ekoturizmni jadal rivojlantirish kabi dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Ushbu qaror bilan o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun “Yo‘l xaritalari” tasdiqlandi. Qaror asosida o‘rmon xo‘jaligida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish hamda xalqaro standartlar darajasiga mos ilg‘or xorijiy tajribaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi hamda tumanlardagi davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan bugungi kunda asosiy e’tibor davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Orol dengizining suvi qurigan tubida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etish, shu orqali hududda mavjud ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi hayotiga salbiy ta’sirni yanada yumshatish ishlariga qaratilmoqda.
Xo‘jayli davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondi umumiy maydoni 153 ming 846,1 gektar bo‘lib, shundan o‘rmon bilan qoplangan maydon 1 ming 310 gektarni, sug‘oriladigan yerlar 52,7 gektarni, ko‘chatxona va niholxonalar 32,7 gektarni tashkil etadi.
O‘tgan yillar mobaynida Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida Mo‘ynoq tumanida saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplama”lar barpo etilishi ta’minlandi. Mahalliy aholi vakillari bilan birgalikda cho‘l hududlarida “yashil qoplama”lar barpo qilish tadbirlari uchun saksovul, qandim, qoraburoq, cherkez kabi daraxt va butalar urug‘lari tayyorlanib, niholxonalar tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubiga saksovul ko‘chatidan 500 gektarda hamda urug‘idan 2 ming 363 gektar maydonda o‘rmon barpo qilish ishlari olib borildi.
O‘rmon xo‘jaligi niholxonasida jami 25 turdagi manzarali va mevali daraxt hamda dorivor o‘simliklar ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Joriy yilda 1 million 80 ming dona ko‘chat yetishtirish bo‘yicha reja belgilangan bo‘lsa, amalda 2 million 153 ming dona turli daraxt, buta va gul ko‘chatlari yetishtirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi.
– Tajriba xo‘jaligimiz umumiy yer maydoni 28 gektar bo‘lib, bu yerda turli daraxt, buta va gul ko‘chatlar hamda urug‘lar yetishtiriladi,– deydi o‘rmon xo‘jaligi rahbari Quo‘anishbay Kamalov. – Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi nihol ekish mavsumiga Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlaridagi 40 ta korxona, tashkilot va muassasa bilan shartnoma imzolanib, jami 66 ming dona ko‘chat yetkazib berildi. So‘nggi yillarda barcha hududlarda dorivor o‘simliklar xomashyosini yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yildan boshlab tajriba uchastkamizda godji, lavanda kabi dorivor o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 maydagi “Sug‘oriladigan yerlarni shamol eroziyasiga hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, melioratsiya ob’ektlari atrofida qum bosishiga qarshi hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan ihota daraxtzorlari barpo etilmoqda. Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari dala chetlarida shamol eroziyasidan himoyalash maqsadida o‘rmon xo‘jaligi 19 gektar maydonida 38 ming dona turli daraxt ko‘chatidan ixota daraxtzorlari barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi tomonidan xususiy sektorlar bilan birgalikda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda xo‘jalik hisobida 52 bosh, xususiy sektorlar bilan birgalikda 233 bosh chorva mollari boqilib, ularning bosh soni 285 taga yetkazildi.
Bundan tashqari, xususiy sektorlar bilan birgalikda jami 7 ming 440 bosh parranda, o‘rmon fondi yerlarida asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha 1000 ta asalari oilasi parvarish qilinmoqda. Shuningdek, 61 gektar maydonda qishlok xo‘jaligi maxsulotlari yetishtirilib, ishchi-xodimlarga hamda aholiga yetkazib berildi. Shularning hisobidan davlat o‘rmon xo‘jaligi joriy yilda 702 million so‘m qo‘shimcha daromad olishga erishdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumida o‘rmon xo‘jaligi tomonidan 66 ming tup turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib berish ishlari amalga oshirildi. Shundan Xo‘jayli tumanidagi mahallalarga 5 ming 800 tup, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 3 ming 720 tup, Taxiatosh tumani mahallalariga 2 ming 800 tup, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 ming 790 tup manzarali ko‘chatlar beg‘araz yordam tariqasida bepul yetkazib berildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hududda ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasidan ko‘tarilayotgan qum va chang zarralarining salbiy ta’sirini kamaytirish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yanada yumshatish aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video),
O‘zA muxbirlari