Bugun Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilganligining 65 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tizim fidoyilariga yo‘llagan bayram tabrigini Bosh vazir Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.

Bayram tabrigida ta’kidlanganidek, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassis mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi milliy sanoatimiz faxri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor hamda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar jadal joriy etilayotgani tufayli kombinat oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi xorijiy kompaniyalar orasida 7-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi. “Muruntov” koni esa xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarni egallab kelmoqda.

Qisqa muddatda kombinatda 23 ta yirik investitsiya loyihasi, jumladan, 5, 6 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati ishga tushirilib, 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani diqqatga sazovordir.

Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida bu yil oltin ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 25 foiz, tabiiy uran 20 foiz, kumush esa 46 foizga oshganini alohida ta’kidlash lozim.

Bugungi kunda O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egallab turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘z mahsulotini yuz foiz eksportga yo‘naltirmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur asbob-uskuna va jihozlar hududning o‘zida ishlab chiqarilmoqda.

Birgina Navoiy mashinasozlik zavodida yiliga o‘rtacha 15 ming turdan ziyod import o‘rnini bosadigan mahsulotlar tayyorlanayotgani buni tasdiqlaydi.

Soha uchun malakali muhandis kadrlar yetkazib berish maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-pedagogik salohiyati mustahkamlanmoqda.

Murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shunday oliy o‘quv yurtlarimizda ta’lim olgan azmu shijoatli yoshlarimiz boshqarayotgani barchamizni quvontiradi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan taqdirlangan soha ilg‘orlariga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi  Bosh vaziri Abdulla Oripov tantanali ravishda topshirdi.

– 30 yildan buyon konchilik tizimida mehnat qilib kelmoqdaman, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Markaziy kon boshqarmasi sex boshlig‘i Yo‘ldosh G‘aniyev. – Bu yilgi 65 yillik bayram men uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Yurtboshimiz farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni sohibi bo‘ldim. Bu yuksak mukofot menga g‘urur va iftixor baxsh etdi.

Qayd etish kerak, kon-metallurgiya sohasi mamlakatimizda iqtisodiyot taraqqiyotining muhim asoslaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab, jadal rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha faol investitsiya jarayoni amalga oshirilayotgani “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida ham tub burilish, iqtisodiy yuksalish davrini boshlab berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bilan birga yirik sanoat korxonasida kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ishchi-xodimlar xorijiy mamlakatlarning yirik korxonalarida malaka oshirib kelayotgani va tajribalarini amaliyotga tadbiq etayotgani esa korxona rivojida muhim rol o‘ynamoqda. Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning 10 ta eng yirik sanoat korxonasidan biriga aylanganligi ham yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov, “NKMK” AJ boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanoqulov so‘zga chiqib, tizim xodimlarini tabrikladi.

Tadbir poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlar va “Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari