Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ishtirok etdi.

O‘zbekiston vakillari  Parlamentlararo assambleyaning  siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik hamda ijtimoiy siyosat va inson huquqlari bo‘yicha doimiy komissiyalarining majlislarida qatnashdi.

Parlamentlararo assambleya kengashining majlisida 2023 yilda o‘tkazilgan tadbirlar sarhisob qilindi.

MDH hududidagi saylov kampaniyalari monitoringi haqidagi ma’lumotlar tinglandi. Bundan tashqari, bir qator doimiy komissiyalar faoliyati to‘g‘risidagi axborot eshitildi.

Hamdo‘stlik parlament a’zolari bilan birga xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etgan Assambleya yalpi majlisida esa sog‘liqni saqlash, ekologiya, xavfsizlik va huquq sohalariga oid bir qator namunaviy qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joiz, namunaviy qonun ijodkorligi Assambleyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi. Namunaviy qonunlar Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari a’zolari tomonidan ishlab chiqiladi va ular tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA