Chang va qum bo‘roni tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan transchegaraviy muammo hisoblanadi. Barcha qit’alarda, 151 mamlakatda kuzatilayotgan ushbu xavfli tabiat hodisasi barqaror rivojlanish bilan bog‘liq 17 maqsaddan 11 tasiga erishishni xavf ostiga qo‘ymoqda. Iqlim o‘zgarishi va o‘simlik qoplami degradatsiyasi chang, qum bo‘roni xavf darajasi oshishiga olib keladi va muayyan xatarni yanada oshiradi. Salbiy oqibat, ayniqsa, daromadi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligiga bog‘liq, qurg‘oqchil hududlarda yashayotgan fermerlarga ta’sir qiladi.

O‘zbekistonda ham yer va yaylov degradatsiyasi, yog‘ingarchilik kamayishi, cho‘llanish ko‘payishi, shuningdek, boshqa ichki va tashqi omillar tufayli chang va qum bo‘roni tez-tez ro‘y bermoqda.

Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasi (CRIC-21) doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) “Chang va qum bo‘roniga qarshi kurashda kuchni birlashtirish: birgalikda global javobga hissa qo‘shishimiz mumkin” tadbirini tashkil etdi.

Yig‘ilish turli mamlakatlarning ushbu tabiiy hodisaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatini namoyish etish, milliy, mintaqaviy va mintaqalararo harakatga tayangan holda, ushbu yo‘nalishdagi global choralarni targ‘ib qilish bo‘yicha fikr almashish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir davomida qishloq xo‘jaligida chang va qum bo‘roniga qarshi kurashish bo‘yicha uchta yangi nashr taqdim etildi: “Qum va chang bo‘roni: yumshatish, moslashish, qishloq xo‘jaligida xatarni boshqarish siyosati va chorasi bo‘yicha qo‘llanma”, “Qum va chang bo‘roniga tayyorgarlik, chorvachilik jamoalari ishtirokida favqulodda vaziyatni rejalashtirish: Mo‘g‘uliston bo‘yicha amaliy tadqiqot” hisoboti va “Eron Islom Respublikasida qishloq xo‘jaligining qum va chang bo‘roniga chidamliligini oshirish uchun investitsiya va harakatni kuchaytirish uchun favqulodda rejalashtirish jarayoni” qo‘llanmasi.

Anjuman a’zo mamlakatlar chang va qum bo‘roniga qarshi kurashishdagi sa’y-harakati (BMT koalitsiyasi rejasi va o‘sish)ni xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga yordam berdi.

– Mamlakatlar o‘rtasida bilim almashishni qo‘llab-quvvatlash orqali chang va qum bo‘roni oldini olish va yumshatish amaliyotini yaxshilashimiz, shuningdek, ushbu hodisaga qarshi kurashda siyosat izchilligi va sinergiyasini ta’minlashimiz mumkin, – dedi FAO texnik mutaxassisi Feras Ziadat.
Eslatib o‘tamiz, CRIC-21 2023 yil 13-17 noyabr kunlari Samarqandda 196 mamlakatdan  500 dan ziyod delegat ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda. Forum qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish, ayollarning yerga huquqini targ‘ib qilish hamda chang va qum bo‘roniga qarshi kurashish, shuningdek, mamlakatlar qishloq xo‘jaligi yerlarini tiklashda erishayotgan yutuqlarni muhokama qilish uchun qulay maydondir.

CRIC-21 doirasida FAO neytral yer degradatsiyasiga erishishga hissa qo‘shadigan harakat to‘g‘risida ma’lumot berish uchun bir qator qo‘shimcha tadbirlar ham tashkil etadi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA