Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi tashkil etilganining 85 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Konferensiyada Jogorku Kenesh aholining turli qatlamlari fikrlarini bildirish uchun milliy platformaga aylangani ta’kidlandi. Tadbirda MDHga a’zo davlatlar parlamentlari vakillari ham so‘zga chiqib, qirg‘iz xalqini va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlarini yubiley bilan qutladi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva ikki mamlakat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqani, bu, o‘z navbatida, parlamentlararo aloqalarning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Qirg‘iz Respublikasi erishayotgan yutuqlarda mamlakat parlamenti faol rol o‘ynayotganiga e’tibor qaratildi. Demokratik tamoyillar asosida muhim qonunlarni samarali ishlab chiqib, qabul qilayotgani, ochiq jamiyat qurish va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgani, shuningdek, mintaqa va xorijiy davlatlar bilan faol parlament diplomatiyasini olib borayotgani alohida qayd etildi.

*** 

Tashrif doirasida Senat Raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar davlatlarimiz rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti va mustahkam siyosiy irodasi tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasida barcha sohalarda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatlararo munosabatlarda sezilarli darajada kengayib borayotgan parlamentlararo aloqalarni amaliy harakatlar bilan yanada boyitish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari o‘rtasidagi parlamentlararo komissiya faoliyati samaradorligini oshirish, xususan, komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va uning doirasida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida yangi “Yo‘l xaritasi”ni imzolash taklifi ilgari surildi.

M.Ashimbayev O‘zbekistonning BRMga erishishdagi yetakchiligini alohida ta’kidlab, mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyatini yuqori baholadi. Qozog‘iston parlamentida ham xuddi shunday komissiya faoliyat boshlagani, mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning tajribasi muhimligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida do‘st mamlakatlar va qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik bundan buyon ham o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanib borishi, bunda parlamentlararo muloqot yanada faol davom ettirilishiga ishonch bildirildi.

 ***

Bishkek shahrida Senat Raisi Tanzila Norboyeva Belarus Respublikasi Milliy majlisi Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan ham uchrashdi.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch va do‘stona muhitda rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

Muloqot davomida prezidentlarimiz tomonidan oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni huquqiy jihatdan ta’minlashda parlamentlarimizning faolligini oshirish zarurligi aytib o‘tildi.

Muzokarada ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo muloqotni samarali davom ettirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Hududlarni rivojlantirish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ular o‘rtasida biznes aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik bundan buyon ham o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanishiga umid bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA