Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq oltinchi yalpi majlisi ko‘rib chiqilgan qonunlarni targ‘ib qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov ishtirok etdi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 12 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun muhokama qilindi.

Jumladan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun bilan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga hamda Yer kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 5 gektargacha yer ajratib berilishi belgilanmoqda. Senatorlar tomonidan ushbu qonun muhokamasi jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga va mazkur sohada mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shu kuni senator B.Matmuratov, To‘rtko‘l tumani hokimi R.Shamuratov “Oqboshli” ovul fuqarolar yig‘inida “Yashil makon” umummilliy loyihasida ishtirok etdi. Senator mazkur ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 13-umumta’lim maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, xususan, qozonxonalarning ishlashi va ko‘mir zaxirasi bilan tanishdi.

Shundan keyin “Turkiston” mahallasida istiqomat qiluvchi, nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan uchrashib, “Mahalla” xayriya jamoat fondi qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.
Senatorlarning aholi vakillari bilan uchrashuvi joylarda davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri