Noyabr oyi mamlakatimizda muhim siyosiy tadbirlar, davlat rahbarlari tashriflari va xalqaro darajadagi tadbirlarga boy bo‘lmoqda.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Fransiya biznes forumi ana shunday muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Tadbir oyning boshida tashkil etilgan bo‘lsada uning ahamiyati haqida ekspertlarf, iqtisodchilar fikrlarini bildirishda davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida ushbu mamlakat ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashgan edi. Yurtimizdagi biznes forumni o‘sha samarali muloqotning davomi deyish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya tomonidan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlaridan tashqari xalqaro iqtisodiyotda o‘z o‘rni, nufuziga ega yirik kompaniya rahbarlari ham ishtirok etdi. Forum bo‘yicha ba’zi ishtirokchilarning fikrlarini havola qilamiz.

Oybek SHAYXOV,

Yevropa – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bosh kotibi.

– Bundan olti-yetti yil avval Fransiya, Germaniya kabi Yevropa davlatlari O‘zbekistonning qattiq tanqidchilaridan edi. Mamlakatimizda olib borilgan islohotlar, ochiqlik siyosati sabab bugun bu qarashlar tamoman o‘zgardi. Yuqorida sanalgan ikki davlat yurtimizning Yevropadagi asosiy hamkorlariga aylanib ulgurdi. O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari munosabatlarini ko‘p qirrali deyish mumkin. Bu munosabatlar hukumatlar aloqalaridagi yaqinlikda yaqqol seziladi, undan so‘ng biznes doira vakillarida natijasini ko‘rsatadi. Harakatlar samarasini bugun barchamiz ko‘rib turibmiz.

Kristian VIJSEN,

Fransiyaning “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi rahbari.

– Mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalari, sanoat kooperatsiyasi yanada mustahkamlashga e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molik. Bu uzoq muddatli rejalarga mos keladi. Munosabatlarda samimiylik, pozitiv ruh sezilib turibdi. O‘zbekistondagi iqtisodiy sohadagi islohotlardan ham xabardorman. O‘zgarishlar e’tirofga loyiq. Bular biz kabi sarmoyadorlar uchun juda muhim. Mana shunday tashriflar, biznes-forumlar, vaziyatga yaqindan baho berish hamkorlikning izchil va mustahkam bo‘lishida katta ahamiyatga ega. Prezidentingiz chet el kompaniyalari uchun yetarli sharoit yaratib bermoqda. Huquqiy tomon, transport, logistika tizimi ancha yengillashtirilmoqda.

Lyuk REMON,

Fransiyaning “EDF” kompaniyasi rahbari.

– Mamlakatingiz tomoni “yashil” energetika sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidladi. Bu shunchaki gap emasligini “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies” kabi kompaniyalar bilan yirik loyihalarni boshlashga kirishilganida ham ko‘rish mumkin. Bizning yo‘nalish ham energetika sohasi. Korxonamiz yurtingizda qator loyihalarni ilgari surmoqchi. Xususan, Sirdaryo viloyatida gaz turbinalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish rejalarimizning bir qismi. Biz xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning energiya barqarorligini ta’minlashga hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz.

Eslatib o‘tamiz, biznes forum doirasida energetika, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport kabi muhim sohalar bo‘yicha salmoqli hujjatlar imzolandi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA