2015 yildan O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Yutuqlarimda, albatta, partiyaning o‘rni katta. Bugungi kunga kelib, O’zLiDeP partiyasi siyosiy maydonda o‘zining 20 yillik tarixiga, mavqega ega siyosiy kuchga aylandi.

Ta’kidlash joizki, qisqa fursatda partiya o‘zining amaliy ishlari bilan xalq ishonchi va mehrini qozona oldi. Maqsad va g‘oyalarining xalqqa yaqinligi, mamlakat ravnaqiga xizmat qilishi bilan partiya Parlament va Prezident saylovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Ayniqsa, shu yillar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashida partiyaning dastur va maqsadlarini amalga oshirish, tadbirkor va fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni siyosiy  maydonga olib chiqish borasida qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Bunda, albatta, partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini aholi orasida targ‘ib qilishda quyi bo‘g‘inlarning ham o‘rni katta. Boshlang‘ich tashkilotlar  partiyaning tayanch nuqtasi hisoblanib, jo‘yali takliflar, avvalo, quyi bo‘g‘inlarda shakllanadi. Partiya ana shu g‘oyalar negizida maslakdoshlarni birlashtiradi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 88 ming nafardan ziyod safdoshimiz 1 ming 71 ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga biriktirilgan holda faoliyat olib bormoqda. Xalq orasiga chuqurroq  kirib borish, odamlarning hol-ahvolidan xabardor bo‘lish, ularning munosib hayot kechirishlari uchun to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy maqsadlaridan ekanligini deputatlarimiz dildan his etgan holda aholi murojaatlarini ijobiy  hal etishga jiddiy e’tibor qaratishmoqda. Har qanday siyosiy kuchning xalq orasidagi obro‘-e’tibori va jamiyatda tutgan o‘rni yanada yuksalishida partiya faollari va deputatlarining sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 3 nafar,  Qoraqalpog‘iston  Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 14 nafar va xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga 131 nafar – jami 148 nafar deputat saylanib, xalq ishonchini oqlashda  faoliyat olib bormoqda.

Sag‘indiq Turmanov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri,

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi.

O‘zA.