Poytaxtimizdagi “Alpomish” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari boshlandi. Qit’aning 20 ga yaqin davlatidan 350 nafardan ziyod mahoratli sportchilar ishtirok etayotgan chempionatda mamlakatimiz sharafini 20 nafar o‘smirlar hamda 18 nafar yoshlar terma jamoasi a’zolari himoya qilmoqda.
Kecha qit’a chempionati oldidan hakamlar seminari hamda musobaqalarga qur’a tashlash marosimlari tashkil etildi.
Aytish lozim, mazkur birinchiliklar aslida Livan davlatida o‘tkazilishi kerak edi. Ammo ushbu mamlakatga tutash hududlarda siyosiy vaziyatning beqarorligi tufayli Osiyo dzyudo federatsiyasi chempionatni boshqa davlatda tashkil etish qarorini qabul qildi va O‘zbekiston tarixda ilk marta dzyudo bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati mezbonligiga erishdi.
Chempionat bellashuvlarida ishtirok etish uchun shu kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan Osiyo dzyudo federatsiyasi prezidenti Obayd al-Anzi kuni kecha Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aziz Komilov bilan birgalikda poytaxtimizda bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi”da olib borilayotgan bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishdi.
Bevosita musobaqalar tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 18 noyabrga qadar o‘smirlar o‘rtasida qit’a chempionlari aniqlansa, 18-19 noyabr kunlari yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati g‘olib va sovrindorlari saralanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA