Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ellikqal’a tuman bo‘limi tomonidan olingan tezkor ma’lumotga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Kichik Guldursin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlardan birida yashovchi S.A. o‘z uyida alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotganligi aniqlandi.
Ushbu xonadondan 2 ming 157 dona “Russkaya vodka” nomli qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsuloti, 865 dona qalbaki aksiz marka, 160 litr spirt, 21 ming 190 dona bo‘sh shisha idish va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Departamentning Beruniy tuman bo‘limi tomonidan Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Z.A.ning o‘z uyida alkogol mahsuloti ishlab chiqarayotganligi ma’lum bo‘ldi. Undan qo‘lbola usulda tayyorlangan 120 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsuloti, 120 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri