Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, tinchligi va barqarorligi timsolidir. Ular orasida davlat bayrog‘i alohida o‘rin tutadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1991 yil 18 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur qonunda belgilanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog‘imizni hurmat qilishlari shart.

Davlat bayrog‘imizning o‘ttiz ikki yilligi keng nishonlanayotgan bugungi kunda dunyo mamlakatlarida O‘zbekiston Respublikasi, uning davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasini yaxshi bilishadi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga tanilishida mamlakatimizda sportning ko‘plab turlari jadal rivojlanayotgani, iqtidorli sportchilar avlodi yetishib chiqayotgani, ularning yuksak muvaffaqiyatlari muhim o‘rin tutmoqda. Zero, mamlakatni dunyoga tanitishda sportning ahamiyati beqiyos ekani o‘z isbotini topgan.

1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tgan XII yozgi Osiyo o‘yinlarida ilk marotaba qatnashgan sportchilarimizni xorijlik muxlisu mutaxassislarning ko‘pchiligi yaxshi tanimas edi. Lekin nufuzli musobaqada qo‘lga kiritilgan ketma-ket g‘alabalar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, futbol musobaqasida zafar quchgan O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Shuhrat Maqsudovning final o‘yinidan so‘ng davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda jamoadoshlari bilan birga maydon bo‘ylab yugurgani stadionga kelgan minglab muxlislarga va hal qiluvchi uchrashuvni televizorda ko‘rgan millionlab tomoshabinlarga O‘zbekiston va o‘zbek xalqini yaqindan tanitdi.

Bugun dunyoning qaysi mamlakatiga bormaylik, qaysi sport musobaqasida qatnashmaylik, bayrog‘u gerbimizga qarab, O‘zbekistondan kelganimizni, o‘zbek ekanimizni darrov bilishadi.

– Bayroq kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsolidir, – deydi Osiyo o‘yinlarida ikki marotaba shohsupaga ko‘tarilgan Zaynab Daybekova. – Shu bois davlatimiz bayrog‘i biz, sportchilar uchun muqaddas, uni doimo baland tutish uchun kurashamiz. Xalqaro maydondagi g‘alabalarimiz evaziga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangraganida qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi, ko‘zimizda quvonch yoshlari qalqiydi.

Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sport va jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida bugun bir qator iqtidorli, ruhan va ma’nan tetik, har tomonlama mukammal sportchilar kamol topmoqda.

Ulardan biri qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Zaynab Dayibekovadir.

Zaynab 2002 yilning 19 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida dunyoga kelgan. Oiladagi sog‘lom turmush tarzi, hududdagi sport turlariga yaratilayotgan sharoitlar uni o‘n uch yoshida qilichbozlik tomon chorladi va u mazkur sport turining birinchi murabbiyi Daurbek Jiermuratovdan o‘rgana boshlaydi.

Tuman, shahar birinchiliklarida o‘z mahoratini oshirgan qilichbozimiz 2015 yilda Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan musobaqada ikkinchi, O‘zbekiston chempionatida esa uchinchi o‘rinni egalladi. Bu uning mazkur sportdagi ilk katta muvaffaqiyati bo‘ldi. 2016 yildan Milliy terma jamoa tarkibiga qabul qilindi.

– Onam doimo meni barcha onalardek o‘z maqsadim yo‘lida yuksak marralarni zabt etishim va yurtimiz sharafini yanada yuksaltirishim kerakligini ta’kidlardi va duo qilar edi, – deydi Zaynab. – Mening sportchi bo‘lib yetishishimga undagan faqatgina bir maqsad onamning duosi va orzusini amalga oshirish edi. Biroq musobaqalarda ushbu maqsad bilan birgalikda yurtimiz sharafini himoya qilish va bayrog‘imizni yanada yuksaltirish kabi hissiyotlar qalbimni egalladi.

Zaynab 2016-2017 yillarda O‘zbekiston chempionatida oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritadi. 2017 yili Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ishtirok etib, mamlakatimiz tarixida qilichbozlik bo‘yicha ilk bronza medaliga ega chiqadi. Uning erishgan ushbu yutuqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Nexia-3″ rusumli avtomashina bilan taqdirlanadi.

Qilichbozimiz uchun 2018 yil ham g‘alabalarga boy o‘tdi. Dastlab yanvar oyida mamlakat chempionati va kubogi g‘olibiga aylanadi. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati va Toshkent shahri mezbonlik qilgan jahon chempionatining jamoaviy bahslarida uchinchi o‘rinni egalladi. U har bir g‘alaba hamda mag‘lubiyatidan xulosa chiqaradi, o‘z ustida tinimsiz mehnat qiladi. 2019 yilgi Osiyo chempionatida birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Shuningdek, Jahon kubogida yakkalik yo‘nalishda oltin, jamoaviy bahslarda esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

2021 yilda Zaynab Dayibekova Tokioda (Yaponiya) o‘tkazilgan XXXII yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdi. Shu yili 30 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yoshlar kuni” bayrami munosabati bilan Zaynabni “Shuhrat” medali, Olimpiya harakatini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Jasorat” medali hamda 30 avgust kuni esa Qorakalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi unvoni bilan taqdirladi.

– Prezidentimizning biz, sportchilarga bildirayotgan katta ishonchi, murabbiylarning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi muvaffaqiyatlarimizda asosiy omil bo‘lmoqda, – dedi Z.Dayibekova. – Bu yil “Xanchjou-2022″ o‘yinlari ochilish marosimida davlatimiz bayrog‘ini dzyudochimiz Muzaffar To‘raboyev bilan birga ko‘tarib, stadion uzra aylanganimizda qalbimda faxr va iftixor uyg‘ondi va albatta ushbu musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bayrog‘ini yanada baland parvoz ettiraman deb orzu qilgan edim. Navbatdagi orzuim, Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini mamlakatimizga olib kelish va nasib etsa ushbu o‘yinlarda ham bayroqdor bo‘lishdir.

Zaynab Dayibekova uchun 2023 yilgi sport mavsumi ham esda qolarli bo‘ldi. Turli xalqaro musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida o‘z mahoratini yanada oshirgan sportchimiz sentyabr oyida o‘tkazilgan Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari bayroqdoriga aylanadi. U mazkur musobaqaning sablya yo‘nalishida munosib ishtirok etib, yakkalik bahslarida bronza medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, jamoaviy bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritib, tarixiy natija qayd etilishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

Ha, mamlakatimizda har tomonlama barkamol, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlod voyaga yetayotgan ekan, ularning jahon maydonlaridagi g‘alabalari sharafiga Vatanimiz bayrog‘i doim baland ko‘tarilib, madhiyamiz baralla yangrayveradi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA