Professional boks olamida mutlaq vaznda to‘rtta chempionlik kamarini birlashtirishi mumkin bo‘lgan Aleksandr Usik -Tayson Fyuri o‘rtasidagi jang so‘nggi yigirma yil ichida eng kutilgan to‘qnashuv bo‘lishi mumkin. Agar u ro‘y bersa, albatta.

O‘tmishga nazar tashlansa, 1999 yili Lennoks Lyuis va Evander Xolifild o‘rtasidagi revansh jangidan so‘ng to‘rtta kamarni birlashtiradigan “gigantlar jangi” tashkil etilmagan, hali hech kim Lyuisdek professional boksda og‘ir vaznda jahon chempioni maqomiga ko‘tarilmagandi.

Katta ring tarixi oradan 24 yil o‘tib yangilanish ostonasida turibdi. Ammo millionlab boks muxlislari orziqib kutgan bu jang bu yil emas, keyingi yili tashkil etilsa ham katta gap. Boisi, Usik-Fyuri “dueli” shu yil Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi mumkindek edi. Biroq ular o‘rtasida oldindan kelishuvga erishilganiga qaramay, mablag‘ miqdoridagi tafovutlarning turfaligi, tomonlardagi aniqlikning yo‘qligi uchrashuv ro‘y berishiga to‘sqinlik qildi.

Endi ushbu jang kelgusi yili bo‘lib o‘tadi deb taxmin qilish mumkin. Barcha tomonlar ushbu nuqtaga e’tibor qaratgan, har ikki bokschi bir-biriga nisbatan va boshqalar ular xususida o‘z qarashlarini bildirayotgan bir fursatda Aleksandr Usik poytaxtimizda o‘tayotgan WVC konvensiyasida omma oldida chiqish qilish chog‘ida Fyurini “sevishini” bildirib o‘tdi.

«Yashil» va «Oltin» belbog‘larini mustahkam ushlab turish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashishga bel bog‘lagan “Lo‘lilar qiroli” nomi bilan tanilgan Tayson Fyuri Usik ustidan g‘alaba qozonishiga qattiq ishonadi.

Xo‘sh, bu jang borasida O‘zbek boks maktabining yetakchisi Bahodir Jalolovning fikri qanday?

Kuni kecha poytaxtimizda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Jalolov 21 asrning eng muhim professional boks jangi bo‘laishi kutilayotgan Usik-Fyuri qarama-qarshiligi haqida so‘z yuritib, Usikning ustunligini, lekin boksda hamma narsa bo‘lishi mumkinligini, to‘qnashuv natijasini bir zarba hal etishini aytib o‘tdi.

Professional boksning eng og‘ir vaznidagi to‘rtta chempionlik kamarini birlashtirish uchun kurash boshlanmasdan uning tegrasidagi fikrlar jangi avj olayotgan bir pallada International Boxing News nashri Aleksandr Usik-Tayson Fyuri o‘rtasidagi jang sanasini e’lon qildi.

Xabarga ko‘ra, “asr jangi” maqomidagi mazkur musobaqa kelgusi yilning 17 fevralida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, uning rasmiy jihatlari va  mablag‘larga yaqin kunlarda aniqlik kiritiladi.

Britaniyalik Tayson Fyuri o‘z ustunligini namoyish etishga intilayotgan, ukrainalik Aleksandr Usik esa “Lo‘lilar qiroli”dan barcha unvon va kamarlarni tortib olishga oshiqayotgan jang aynan ushbu sanada o‘tadimi-yo‘q, buni  vaqt ko‘rsatadi.

Nima bo‘lganda ham,  bo‘lishi kutilayotgan bu boks kurashi atrofidagi  gap-so‘zlar hali-beri  tugamasligi shubhasiz.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA