Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qilichboy ovulida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi nihol ekish mavsumiga kirishildi.

Ovul hududidagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, aholi xonadonlarida ko‘kalamzorlashtirish va to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari jadal davom etmoqda.

Ovulda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, to‘qsonbosti ekinlarini ekish va parvarishlashni yanada samarali tashkil etishga qaratilgan xayrli tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, sektorlar rahbarlari, fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishdan so‘ng tuman hokimi va sektorlar rahbarlari, fuqarolar yig‘ini mas’ullari ovul hududidagi 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurib, muassasa atrofidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishib chiqdi. Mas’ullar tashkilot hovlisida ajratilgan maydonda manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlarini o‘tqazish ishlarida ishtirok etdi.

Ushbu maydonda 100 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Shuningdek, mahalla faollari hamda jamoatchilikka qishloq xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan ko‘chat ekishning o‘ziga xos agrotexnik qoidalari haqida tushuntirishlar berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyati, undan ko‘zlanayotgan maqsadlar batafsil tushuntirildi, ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida fikrlar bildirildi.

Ovulga tashrif buyurgan mas’ullar hududdagi aholi tomorqalaridagi to‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlar parvarishi bilan ham tanishish maqsadida Qo‘chqor Nurimov xonadonida bo‘ldi. Hududdagi tajribali dehqon, namunali tomorqachilardan biri bo‘lgan xonadon sohibi Qo‘chqor Nurimovning tomorqasi 16 sotixdan iborat. Tomorqaning 3 sotix maydonida issiqxona tashkil etilgan. Issiqxonada ukrop, kashnich, salat bargi kabi ko‘katlar, rediska, karam va boshqa sabzavotlar yetishtirilib, oilaning ehtiyoji va bozor ta’minlanadi. Qo‘chqor Nurimov oila a’zolari bilan birgalikda to‘qsonbosti ekinlaridan piyoz va sarimsoqpiyoz ekishni, ulardan daromad olishni yo‘lga qo‘ygan.

Tadbir ishtirokchilari ushbu ekinlar parvarishi bo‘yicha tajribali dehqonning fikr-mulohazalarini tinglab, ekinlarni zararkunandalardan himoya qilish, qish davomida sovuqdan asrash, oziqlantirib borish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar ham oldi.

N.Bozorova, O‘zA muxbiri