“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror bilan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2024 yil 1 yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktor lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va maxsus portal orqali ularga davlat namunasidagi menejerlik sertifikatini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan elektron shaklda berish tizimini joriy qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega nomzodlardan maktab direktorlari zaxirasi shakllantiriladi.

Bunda, maktab direktorlarining vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA