Bojxona xodimlarining doimiy jangovar shayligini ta’minlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularning harbiy intizomga rioya etishi hamda o‘zlariga biriktirilgan o‘qotar qurol va aslahalardan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini doimiy tarzda mustahkamlab borish maqsadida dala-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli “Nukus” umumqo‘shin poligonida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Jangovar 9 mm.li Makarov to‘pponchasi hamda AKMS-7.62 mm.li avtomatdan o‘q otish amaliy mashg‘ulotlarida tasdiqlangan reja-grafik asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat qilayotgan bojxonachilar dastlab texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirilib, ularga qat’iy amal qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar berildi.
Boshqarmaning harbiy safarbarlik, jangovar tayyorgarlik va qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning ofitserlaridan tarkib topgan mashg‘ulot rahbarlari kuzatuvida xodimlar o‘qotar qurollardan otish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini oshirdi. Qizg‘in va shiddatli tusda o‘tgan ushbu mashqlarda tizim xodimlari mo‘ljalni aniq olish, kerakli joyda lozim pozitsiyani egallash va nishonga qarata o‘qotish mashqlarini bajarishdi.
Tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar respublika kuch tuzilmalarining hamjihatlikda harakatini ta’minlab, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri