Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “InnoWeek-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida “Kreativ ta’lim va innovatsiyalar – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostida ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori I.Turdimambetov boshqarib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi innovatsion rivojlanish sektori mudiri Ye.Abdug‘aniyev bugungi kunda Qoraqalpog‘iston mintaqasidagi oliy ta’lim va ilmiy- tadqiqot muassasalari faoliyati, hududdagi mavjud ekologiya va atrof-muhit muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar va ularning samaradorligi borasida fikrlar bildirdi.

Konferensiyaning yalpi majlisida Qoraqalpoq davlat universiteti kafedra mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Qanatbay Ismaylov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti dotsenti, biologiya fanlari doktori Alisher Ajiyev, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar universiteti “Mevachilik, sabzavotchilik va polizchilik” kafedrasi assistenti Ruslan Seilbekov dolzarb mavzulardagi qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

“Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovi g‘olibasi Dinara Qallibekova oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari, yosh startapchilar jamoalari, ilmiy innovatsion ishlanmalar yaratishga qiziquvchi yoshlar uchun mazkur tanlovning talablari hamda shartlari, shu va boshqa tanlovlardagi erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ishtiroklar haftalik doirasida tashkil etilgan ilmiy va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasida qatnashdi. Ko‘rgazmada Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalarining 60 nafarga yaqin yosh olimi, iqtidorli talabalari hamda startap jamoalarining 150 ga yaqin ilmiy innovatsion ishlanmasi, startap loyihalari, tadqiqot natijalari  namoyish qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri