O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

  • raqobatga qarshi kelishuv tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan shaxs bu haqda monopoliyaga qarshi organga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, ushbu shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
  • monopoliyaga qarshi organ raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikning iqtisodiy ta’sir darajasi past holatlar bo‘yicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilinmaydi, ularga nisbatan profilaktik tushuntirish tadbirlari amalga oshiriladi;
  • davlat organlari davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash uchun Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga majburiy tartibda kiritadi;
  • Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xodimlari tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi.

O‘zA