O‘tayotgan hafta yana ikki davlat Isroildan yuz o‘girdi. Birinchisi – 2-maydan Isroil bilan diplomatik munosabat uzilishini ma’lum qilgan Kolumbiya. Ushbu mamlakat Prezidenti Gustavo Petro Isroil hukumatini G‘azo sektorida genotsidga yo‘l qo‘yganlikda ayblab keladi. U Xalqaro sudning yanvar oyidagi yig‘ilishda ayni mazmunda nutq ham so‘zlagan.
“Bloomberg” Turkiya ham 2chi maydan Isroil bilan har qanday savdo aloqasini to‘xtatgani, Anqara G‘azodagi xunrezlik sabab Isroilga muayyan mahsulotlar uchun cheklov joriy qilganini yozgan. Netanyahu hukumati esa Qo‘shma Shtatlarga ishonib, qarshi sanksiya bilan qo‘rqitgan.
Hozir G‘azodagi Rafoh shaharchasi eng xavfli hududga aylangan. Isroil XAMAS 40 kunlik o‘t ochish kelishuviga rozi bo‘lmasa, Rafohga hujum qilish bilan tahdid qilib kelayotgan edi. Hafta oxiriga kelib Tel-Aviv guruhga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ultimatum qo‘ydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’kidlashicha, G‘azoni tiklash 40 milliard dollarga tushadi, hududdagidek vayronagarchilik ko‘lami ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan. BMT Taraqqiyot Dasturi Isroil – G‘azo urushi Falastin iqtisodiyoti keskin orqaga ketishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Tuzilma mas’ullari fikricha, to‘qnashuv tez orada to‘xtamasa, 2024-yil ishlab chiqarish urushdan oldingi darajadan uch barobar kamayib ketishi mumkin.
Nizo yana 9 oy cho‘zilsa, Falastin bo‘ylab qashshoqlik 60 foizdan oshadi. Ushbu inqiroz qashshoq yashayotganlar sonini 1,86 million nafarga yetkazishi mumkin. BMT hisobotida mojaro insoniyat taraqqiyotini 20-yildan ko‘proq orqaga surishi ta’kidlangan.
Rossiya urush qoidasini buzdi(mi?)
Rossiya – Ukraina to‘qnashuvi yangi bosqichga kirmoqda. Zelenskiy shunday dedi. Uning aytishicha, Rossiya rejasiga qarshi ish olib borilmoqda.
Ittifoqchi Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainani olg‘a chorlamoqda. Makron kerakli vaziyatda fransiyalik askarlar ruslarga qarshi jangga kirishini yashirmayapti, Devid Kemeron esa Britaniya qurolidan foydalanish Kiyevning qonuniy huquqi ekanini “eslatdi”.
Qo‘shma Shtatlar Rossiya urush qoidasini buzgani, ya’ni zaharli xloropikrin moddasidan qurol sifatida foydalanganini da’vo qilmoqda. Ikkinchi jahon urushida ham ishlatilgan ushbu suyuq moddani urushda ishlatish 1993-yil qabul qilingan Kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiya bilan taqiqlangan.
Shveysariya 160 dan ortiq davlatni iyun oyida bo‘lib o‘tadigan tinchlik sammitiga taklif qildi. Tashkilotchilar Rossiyani ham chaqirgan, ammo Kreml matbuoti ushbu konferensiyadan jiddiy natija kutilmayotgani, umid yo‘qligini va Moskva yig‘ilishda ishtirok etmasligini bildirgan.
“Katta yettilik” mamlakatlari Rossiyaning suyultirilgan gaziga import cheklovi kiritish yuzasidan muzokara boshladi.
So‘nggi vaqtda Rossiya gazini Belgiya, Germaniya, Shvetsiya singari Yevropa mamlakatlari rad etmoqda.
Global iqtisodiyotda boyib borayotgan davlatlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) jahon iqtisodiyoti joriy yil 3,1, 2025-yil esa 3,2 foiz o‘sishini bashorat qilmoqda. Bunga sabab sifatida tashkilot AQSH va Xitoy iqtisodiy ko‘rsatkichi kutilganidan yuqori darajaga ko‘tarilishini ko‘rsatmoqda.
– O‘sish mo‘tadilligicha qolayotgan bo‘lsa-da, global vaziyatda bir necha yaxshi signal bor, – deyilgan tashkilot bayonotida. – Uy-joy va kredit bozorida o‘sish bor, biroq global faollik nisbatan barqaror holatni ko‘rsatmoqda. Inflyatsiya dastlab bashorat qilinganidan tezroq pasaymoqda.
IHTT ta’kidlashicha, Yevropa va bir necha past daromadli mamlakatda sekinroq, AQSH va ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotida kuchli o‘sish kutilyapti. AQSH bu yil 2,6, 2025-yil 1,8 foiz o‘sadi. Xitoy esa 2024-yil 4,9, kelgusi yil 4,5 foiz o‘sishga erishadi. Yevropa davlatlari joriy yil 0,7, 2025-yil 1,5 foiz ijobiy farq qayd etishi mumkin.
Xitoyning Oyni zabt etishdan maqsadi nima? Xitoy “Chane-6” nomli zondini Oyning orqa tomoniga uchirdi. Bundan ko‘zlangan maqsad – tuproq namunasini to‘plash va Yerga yetkazish. Missiya 3 oygacha davom etishi mumkin. Vazifaning qiyinchiligi shundaki, Oyning orqa qismi hech qachon Yerdan ko‘rinmaydi.
Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismat, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.